Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekistonga sovuq havo oqimlari kirib kelishi munosabati bilan qishloq xo‘jaligi sohasida yetishtirilayotgan ekin hamda o‘simliklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan asrash va sovuq kunlardan betalafot o‘tish bo‘yicha maslahat va tavsiyalar berdi.

Ular jami 5 banddan iborat bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

  1. O‘rab qo‘yish: iloji bo‘lsa, daraxtlar va o‘simliklarni sovuq urishi va qordan himoya qilish uchun maxsus materiallar (mato, plyonka, kraft-qog‘oz, spanbond) bilan yopish tavsiya etiladi. Bu gullaydigan kurtaklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan saqlab qolishga yordam beradi;
  2. Ozuqa moddalari bilan sug‘orish: sovuq havo massasi kirib kelishidan oldin daraxtlar yetarli darajada namlik va ozuqa olgan bo‘lishiga ishonch hosil qilish. Odatda suvga va foydali moddalarga to‘yingan daraxtlar past haroratlarga ko‘proq chidamliroq;
  3. mulchalash: ekinlar ildiz zonasini maxsus ozuqa moddalar bilan qoplash tuproqdagi issiqlik va namlikni saqlab qolishga yordam beradi, bu esa ildizlarni sovuqdan himoya qiladi;
  4. Shikastlangan shoxlarni kesib tashlash: qor og‘irligi ostida ba’zi shoxlarni sinishi yoki sovuq urishi xavfini kamaytirish uchun qurib qolgan yoki shikastlangan novdalarni kesib tashlash mumkin. So‘ng, kesilgan joyni mis sulfatning suvli eritmasi (1 litr suv uchun 1 choy qoshiq modda) bilan ishlov berish mumkin;
  5. Shamoldan himoya qilish: imkoniyat bo‘lsa, daraxtlar va o‘simliklar atrofida vaqtinchalik shamol to‘siqlarini yaratish. Bu to‘siqlar ekinlarni yelvizaklardan asrashga yordam beradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gidrometeorologiya xizmati agentligi 16-fevral kuni O‘zbekistonning shimoliy hududlariga, 17−19-fevral kunlari respublikaning barcha hududlariga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi kutilayotganini ma’lum qilgandi.

16-fevralda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm viloyatida, 17−19-fevralda O‘zbekiston hududining katta qismida vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik (yomg‘ir qorga aylanadi) kuzatiladi. 17−18-fevralda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi.

16−18-fevralda respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 17−22 m/s gacha kuchayadi, ba’zida 25−28 m/s gacha yetishi mumkin.
18−19-fevral kunlariga kelib O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo harorati kechalari −3…−8 daraja, kunduz kunlari 0…-3 darajagacha pasayadi. Shimolda 17−19-fevral kunlari harorat kechalari −13…−16 darajagacha, kunduz kunlari −5…−8 darajagacha pasayadi.

Shuningdek, EastFruit ekspertlaring fikricha, jumadan boshlab O‘zbekistonning aksariyat hududlarida yomg‘ir yog‘ib, qorga aylanishi, havo sovib ketishi mart oyida ushbu mamlakatlarning janubiy hududlarida yig‘ib olinadigan erta piyoz hosiliga, shuningdek, karam va sabzi kabi boshqa erta sabzavotlarning hosiliga tahdid soladi.