O‘zgidromet 2024-yilning yanvar oyi O‘zbekiston tarixidagi eng iliq yanvarlardan biri bo‘lganini ma’lum qildi. O‘tgan oy juda iliq bo‘lgan, iqlim me’yoridan yuqori bo‘lgan harorat deyarli oy davomida saqlanib turgan.

“Faqat ikki marta (oyning o‘rtasida va oxirgi besh kunligida) qisqa muddatga havoning keskin sovuq bo‘lishi kuzatildi, bunda havo harorati me’yor atrofida yoki undan biroz past qiymatlargacha pasaydi”, — deyiladi xabarda.

O‘rtacha oylik havo harorati iqlimiy me’yordan 3−4 darajaga (shimolda 1−2 darajaga) yuqori bo‘ldi.

Hududning katta qismida (shimoldan tashqari) yanvar oyi meteorologik kuzatuvlar tarixidagi eng iliq yanvar oylari uchligiga kirdi. Ammo shunga qaramay, bu oyda ekstremal yuqori haroratlar qayd etilmadi. Eng iliq kunlarda havo 15−18 daraja iliqqacha (janubda 19−22, shimolda 10−12 daraja) isidi. Yanvar oyidagi eng yuqori harorat 2002, 2007 va 2021-yillarda kuzatilgan: 20−25 daraja iliq (janubda 24−27, shimolda 13−16 daraja).

2023-yil yanvari vs 2024-yil yanvari

Gidrometeorologiya agentligining yozishicha, 2024-yil yanvar oyini 2023-yil yanvar oyi bilan taqqoslash juda qiziqarli bo‘lgan.

2023-yil yanvar oyida oyning ikkinchi o‘n kunligida sovuq arktika havosining kirib kelishi hisobiga havo harorati kechalari 17−22 daraja sovuqqacha, Qoraqalpog‘iston, Toshkent, Samarqand, Sirdaryo, Jizzax va Andijon viloyatlarining ba’zi joylarida 25−29 daraja sovuqqacha pasaygan.

Joriy yilning yanvarida esa hududning katta qismida, hatto eng sovuq kechalarda ham, harorat faqat 2−4 daraja sovuqqacha, ba’zi joylarda 5−6 daraja sovuqqacha (me'yorga yaqin yoki undan biroz past) pasaydi. Faqat respublikaning shimoliy hududlarida qisqa muddatli sovuqlarning eng yuqori cho‘qqisida havo harorati kechalari me’yordan 5−8 darajaga past bo‘lib, 11−16 daraja sovuqni tashkil etdi.

Harorat tartibi bo‘yicha 2023-yil yanvar oyi me’yordan 4−7 darajaga sovuqroq bo‘ldi. 2024-yil yanvar oyi 2023-yil yanvar oyiga nisbatan 7−11 darajaga iliq bo‘ldi.

Yog‘ingarchilik darajasi

Yanvar oyida respublika hududida yog‘ingarchilik juda notekis bo‘ldi. Me’yorga nisbatan eng kam yog‘ingarchilik Farg‘ona vodiysi viloyatlarida (me'yordan 50 foizdan kam), Xorazm va Buxoro viloyatlarida esa (me'yordan 200 foizdan ko‘p) eng ko‘p bo‘ldi.

Respublikaning tekislik hududlarida yog‘ingarchilik aralash ko‘rinishda kuzatildi, ammo barqaror qor qoplami shakllanmadi. Qorning balandligi 5−7 santimetrdan ko‘p bo‘lmadi, qor qoplamining davomiyligi bir kundan uch kungacha kuzatildi. Respublikaning janubi va Farg‘ona vodiysining tekislik hududlarida esa umuman qor qoplami hosil bo‘lmadi.

Qor qoplamining eng uzoq davomiyligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi shimolida, Xorazm viloyatining ba’zi joylarida va Navoiy viloyati cho‘l hududlarida 15−20 kun kuzatildi. Bunda qorning balandligi 10−12 santimetrga yetdi.

Tog‘li hududlarda qor qoplami oy davomida saqlanib turdi. Toshkent, Qashqadaryo va Namangan viloyatlari tog‘larida oy oxiriga qor balandligi 40−80 santimetrni, baland tog‘larda 100−120 santimetrgachani tashkil etdi. Bu ko‘rsatkichlar o‘rtacha ko‘p yillik va o‘tgan yilgi qiymatlarga mos bo‘ldi.

O‘zbekistonda yanvar oyi odatda qanday bo‘ladi?

Yanvar — qishning o‘rtasi, iqlim xususiyatlariga ko‘ra yilning eng sovuq oyidir. Biroq har doim bunday bo‘lmaydi. 2002−2003-yillarning qish mavsumida dekabr eng sovuq oy bo‘lib, u yanvar va fevral oylariga nisbatan ancha sovuq bo‘lgan. 2013−2014-yillarning qish mavsumida esa fevral oyi dekabr va yanvar oylariga nisbatan ancha sovuq bo‘lgan.

So‘nggi 30 yil ichida (1994−2023-yillar) 2016-yilning yanvar oyi eng iliq bo‘lib, bunda o‘rtacha oylik havo harorati barcha joylarda me’yordan 3−6 darajaga yuqori bo‘ldi.

1994−2023-yillar uchun yanvar oyida maksimal va minimal havo harorati.1994−2023-yillar uchun yanvar oyida maksimal va minimal havo harorati.1994−2023-yillar uchun yanvar oyida maksimal va minimal havo harorati.1994−2023-yillar uchun yanvar oyida maksimal va minimal havo harorati.

So‘nggi 30 yil ichida 2008-yilning yanvar oyi eng sovuq bo‘ldi. Respublika hududi bo‘yicha o‘rtacha oylik havo harorati me’yordan 8−12 darajaga past bo‘ldi. Shu yilning o‘zida respublika hududining katta qismida eng past havo harorati kuzatildi. Minimal harorat −17…−24 daraja sovuqqacha, shimolda −30…−32 daraja sovuqqacha pasaydi.