“O‘zbekiston-2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida havo ifloslanishiga qarshi qator chora-tadbirlar ilgari surilmoqda.

Xususan, mamlakatda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish doirasida 2024-yil 1-martdan:

  • Hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va havo tarkibida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini, ayniqsa, yurak, qon-tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan fuqarolarni zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;
  • 500 va undan ortiq kvadrat metrli qurilish maydonida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi;
  • Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan N2, N3, O4 toifaga kiruvchi avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Bunda ushbu cheklovlar maxsus xizmat shu jumladan, kommunal xo‘jaligi, obodonlashtirish va Qurolli kuchlarining yuk transporti vositalariga tatbiq etilmasligi belgilandi.

Shuningdek, 2030-yilga qadar Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida Yevro — 5 va undan yuqori standartlariga muvofiq bo‘lmagan avtomashinalar ekspluatatsiyasi bosqichma-bosqich cheklanadi.

Mazkur bandning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishi uchun mas’ullar etib Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi (vazir — Aziz Abduhakimov), Sog‘liqni saqlash vazirligi (Asilbek Xudayarov), Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi (Batir Zakirov), Ichki ishlar vazirligi (Po‘lat Bobojonov) va Transport vazirligi (Ilhom Mahkamov) belgilandi.

2024-yilgi davlat dasturi loyihasiga ko‘ra, ekologik muammolarga chora sifatida Toshkent shahrida oyning bir ish kuni “Avtomobilsiz kun” bo‘lishi, bunda rahbarlar jamoat transportida yurish orqali namuna ko‘rsatishi belgilandi. 2020-yilda ham rahbarlarga haftada kamida bir marta avtomobillardan foydalanmasdan ishga kelib-ketish tavsiya etilgan.

Bir necha kun oldin prezident ekologik muammolarga to‘xtalib, Toshkent shahrida chiqindi gazlar miqdori yuqoriligini ta’kidlagandi. Hududlarning ekologik reytingini joriy etish, korxona, sement zavodlarida chang va gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish, poytaxt atrofida “yashil belbog‘” yaratish va boshqa ko‘rsatmalar berilgan.

Avvalroq Ekologiya vazirligi “Gazeta.uz”ga Toshkent atrofida ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalar sababli “yashil halqa” o‘rniga “kulrang halqa” hosil bo‘lgani haqida xabar bergandi. Poytaxt atrofida jami 1314 gektar maydonda 631 ta issiqxona faoliyat yuritmoqda. Vazirlik tahliliga ko‘ra, so‘nggi besh yilda issiqxonalar soni 2,5 barobarga yetdi (Toshkent viloyatida — 2 barobar) va ushbu issiqxonalarning 60 foizi isitish tizimining asosiy manbai sifatida ko‘mirdan foydalanmoqda.

Ekologiya vazirligi Toshkent shahrida havo sifatini yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar loyihasi haqida ma’lumot bergan. Issiqxona hamda zavodlarda chang-gaz filtrlarini o‘rnatish, Ai-80, IESlarda ko‘mir hamda mazutdan foydalanishni taqiqlash va boshqalar shular jumlasidandir.