Ichki ishlar organlari xodimlarini obro‘sizlantirish moddasi Senat qo‘mitalari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda, dedi Tanzila Narbayeva BBC o‘zbek xizmati muxbiri bilan suhbatda.

Intervyu davomida jurnalist Ibrat Safo Senat raisidan huquq-tartibot idoralari xodimlarini obro‘sizlantirish maqsadida tasvirga olib tarqatish normasi haqida so‘radi: “Sizningcha bunday qonunning Senat tomonidan tasdiqlanishi demokratiya tamoyillariga qarshi bo‘lib qolmaydimi…, ochiqlikka to‘siq bo‘lmaydimi?”.

Tanzila Narbayevaning javob berishicha, bu qonun to‘g‘risida turli fikrlar bildirilmoqda, ochiqlik siyosatining ustuvorligi sabab esa har bir qonunni qabul qilishda jamoatchilikning fikri alohida e’tiborga olinmoqda.

“Bu qonun, albatta, Qonunchilik palatasida qabul qilindi. U yerda ham turli fikrlar bo‘ldi. Lekin ko‘pchilik ovoz bilan ular bizga qonunni yuborishdi. Hozirgi kunda… har bir qo‘mita tomonidan o‘rganish tashkil qilingan. Bitta qo‘mitaning fikrini eshitdik, lekin… boshqa qo‘mitalarning ham fikri [kerak], xalqaro tajriba, …xalqaro majburiyatlarimizga zidmi, zid emasmi, degan nuqtai nazardan o‘zlarining xulosasini bergandan keyin, albatta, Senat kengashi o‘z fikrini aytadi va… majlisda tegishli qarorni qabul qiladi. Hozir aniq, yakuniy xulosani men ayta olmayman, chunki qo‘mitalarimiz hozir ko‘rib chiqish jarayonida”, — deb javob berdi Senat raisi.

Tanzila Narbayeva intervyuda, shuningdek, Senat tomonidan tasdiqlanib, prezidentga imzolash uchun yuborilgan “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun loyihasining taqdiriga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning aytishicha, “qonun qabul qilinadi”, hozirda hujjatni Prezident administratsiyasi ekspertlari o‘rganib chiqmoqda.

IIO xodimlarini obro‘sizlantirish moddasi

2023-yil 28-noyabrida Qonunchilik palatasi deputatlari yo‘l harakati xavfsizligi tizimini takomillashtirish maqsadida Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagan. Hujjat bilan huquq-tartibot idoralari xodimlarining faoliyatiga oid foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilganlik uchun jarima va 15 sutkagacha qamoq jazosini joriy etish taklif qilingan.

Qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish chog‘ida deputat Doniyor G‘aniyev mazkur qoida O‘zbekiston prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiqlik siyosatiga, “Xalq davlat organlariga emas, davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyiliga zid ekanini ta’kidlagan.

Ammo qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishda ham qabul qilingan va Senatga yuborilgan. Ovoz berish jarayonida o‘zgartishlarni 94 deputat qo‘llab-quvvatlagan, 2 nafari qarshi bo‘lgan, 3 nafari betaraf qolgan, 7 nafari esa ovoz bermagan.

Ushbu norma jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan. Xususan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbari Akmal Burxanov ushbu qoidani “ochiqlik siyosatiga zid” deb atagan. “Yuksalish” harakati esa Senat qonunni ko‘rib chiqayotganda mazkur band bo‘yicha jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan savol va e’tirozlarga jiddiy e’tibor qaratishi kerak, deb hisoblagan.

11-yanvar kuni Senatning Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi majlisida ushbu qonun dastlabki tarzda muhokama qilingandi. Qo‘mita IIO xodimlarining foto va videolarini “obro‘sizlantirish maqsadida” internetda e’lon qilganlik uchun jazolash haqidagi normaga izoh berib, bunday harakatlarni taqiqlash va jazolash Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlar qonunchiligida mavjudligini ta’kidlagan. Jurnalistlar qonunning suiiste’mol qilinish xavfi borligini ko‘rsatib, mazkur qoidaga qarshi chiqqan. Senator va Ichki ishlar vazirligi vakillari esa ushbu tuzatishning ahamiyatini oqlashga harakat qilgan.

Senat hali qonunni ko‘rib chiqmadi. Ammo yakuniy muddatga oz qoldi. Agar senatorlar ushbu qonunni Senatga kelib tushgan kundan boshlab 60 kun ichida ko‘rib chiqmasa, qonun bevosita prezidentga yuboriladi. “Gazeta.uz” ma’lumotlariga ko‘ra, hujjat 5−6-dekabr kunlarida Senatga yuborilgan. Demak, agar 5−6-fevralgacha qonun bo‘yicha tegishli qaror qabul qilinmasa, u imzolash uchun prezidentga yuboriladi.