O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-yanvar kuni raqamli texnologiyalardan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlarning yangi turlari uchun javobgarlik to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Qonunchilik palatasi 19-sentabrda qonunni qabul qilgan, Senat esa 24-noyabrda ma’qullagan.

Senatning noyabrdagi majlisida ta’kidlanganidek, mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda, deyilgandi Senat yig‘ilishida.

Shu sabablarga ko‘ra Jinoyat kodeksining “tovlamachilik” tushunchasiga (165-modda) o‘zgartirishlar kiritilib, jabrlanuvchini obro‘sizlantiradigan ma’lumotlar bilan bog‘liq jinoyat uchun javobgarlik belgilandi.

165-modda birinchi qismining dispozitsiyasi yangi tahrirda quyidagicha bayon etiladi:

“Tovlamachilik, ya’ni jabrlanuvchi yoki uning yaqin kishilariga zo‘rlik ishlatish, mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, olib qo‘yish yoki to‘sib qo‘yish yoxud uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitish, jabrlanuvchi uchun sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor qilish bilan qo‘rqitib o‘zgadan mulkni yoki mulkiy huquqni topshirishni, mulkiy manfaatlar berishni yoxud mulkiy yo‘sindagi harakatlar sodir etishni talab qilish yoxud jabrlanuvchini o‘z mulki yoki mulkka bo‘lgan huquqini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish”.

Eslatib o‘tamiz, ushbu moddada 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan.