Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonda xususiylashtirish dasturining kechikayotganini tanqid qildi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (DABA) direktori Akmalxon Ortiqov “xususiylashtirish bo‘yicha aytilgan raqamlarni qilolmayapti”.

Shavkat Mirziyoyev “Donmahsulot” tarkibiga kiruvchi 43 ta korxonadan atigi 10 tasi sotilganini, ayrimlari esa xususiy sektorga o‘tkazmaslik uchun narxlari sun’iy ravishda oshirib yuborilgani sababli 2−3 yildan beri sotilmay kelayotganini ta’kidladi.

Ortiqovga bir oy muddatda 33 ta don korxonasi narxini bozor qiymatiga tushirib, 1-iyulga qadar sotish choralarini ko‘rish topshirildi. 1-aprelga qadar u hisob-kitoblarni bosh vazir Abdulla Aripovga taqdim etishi kerak.

Xususiylashtirilishi kechikayotgan aktivlar. Manba: Prezident matbuot xizmati.Xususiylashtirilishi kechikayotgan aktivlar. Manba: Prezident matbuot xizmati.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 484 ta davlat aktivi (199 ta vazirlik va idoralar va 106 ta xo‘jalik birlashmalari) xususiylashtirilishi natijasida budjetga 200 milliard so‘mga yaqin tushum kelishi mumkin bo‘lsa-da, ochiq auksion savdosiga qo‘yilmayotganini ham tanqid qildi.

Sotilmagan loyihalarning asosiy qismi Sog‘liqni saqlash vazirligi (39), “O‘zsanoatqurilishbank” (27), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi (21), Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi (17), Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi (14), O‘zbekiston pochtasi (14), Madaniyat va Suv xo‘jaligi vazirliklari (har birida 13 ta) va boshqalar hissasiga to‘g‘ri keladi.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi, mana, yangi vazir o‘tiribdi. O‘yin qilmagin, buning hammasini joy-joyiga qo‘y. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi[ga] yangi rahbar [tayinlandi]. Oliy ta’lim vazirligi — Karimov, Madaniyat vazirligi, Suv xo‘jaligi [vazirligi] va hokazo… Hammang bu masalada nima qilishingni bir haftada aytib, “protokol”ga berasizlar”, — dedi prezident.

Uning ta’kidlashicha, budjet tushumi uchun eng katta zaxira tadbirkorlarga yer uchastkalarini auksion orqali sotish hisoblanadi. O‘tgan yili buning hisobidan 1 trillion so‘m mablag‘ olingan, 12 mingta yangi loyiha qo‘shilgan. Biroq o‘tgan yili joylardagi sustkashlik tufayli budjetga 3 trillion so‘m qo‘shimcha tushum boy berilgan.

Masalan, Toshkent shahrida 25 gektar yer auksionga qo‘yilib, keyin qaytarib olingani oqibatida 600 milliard so‘mlik tushum yo‘qotilgan.

Xususiylashtirilishi kechikayotgan aktivlar. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida. Manba: Prezident matbuot xizmati.Xususiylashtirilishi kechikayotgan aktivlar. Eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida. Manba: Prezident matbuot xizmati.

Davlat rahbari bosh vazir Abdulla Aripov va o‘zining kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘ofurjon Mirzayevga uch kun muddatda yil davomida auksionga umuman yer chiqarmagan Toshkent shahrining Bektemir, Mirobod, Olmazor, Chilonzor, Yunusobod va Yakkasaroy tumanlari hamda Andijon viloyatining Baliqchi va Jalaquduq tumanlari hokimlarining lavozimda qolish yo qolmasligini hal qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishni topshirdi.

Umuman olganda, 2024-yilda xususiylashtirish hisobiga davlat budjetiga 20 trillion so‘m tushum kelishi kutilmoqda.

Shu yig‘ilishda prezident hukumatning iqtisodiy kompleksidagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berdi, chunki ularda “zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayapti”. Menejerlar uchun maoshlariga bog‘liq bo‘lgan KPI joriy etiladi.

Shuningdek, prezident 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi. Unga ko‘ra, YAIMni kamida 6 foizga ko‘paytirish, shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trln so‘mga kamaytirish rejalashtirilgan.