Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Paxtakor futbol klubi” mas’uliyati cheklangan jamiyatining 100 foiz davlat ulushi savdoga chiqarilganini ma’lum qildi.

Klubni sotib oluvchi xaridor keyinchalik quyidagi talablarga rioya qilishi kerak bo‘ladi:

  • futbol klubining faoliyatini saqlab qolish, rivojlantirish va xalqaro darajaga olib chiqish;
  • futbol klubi balansidagi barcha sport obyektlaridan, shu jumladan, futbol maydonidan faqatgina sport faoliyati yo‘nalishlarida foydalanish;
  • “Paxtakor” futbol klubi akademiyasi faoliyatini saqlab qolish va rivojlantirish.

Aktivni sotish ikki bosqichda o‘tkaziladi:

Birinchi bosqichda talabgorlar oldindan malakalanadi (saralanadi), jumladan, savdolarda qatnashish uchun talab qilingan hujjatlarning to‘liqligi, zakalat puli kelib tushgani, davlat aktividan kelgusida foydalanish yo‘nalishlariga qo‘yilgan talabga nisbatan talabgor tomonidan taklif etilgan biznes konsepsiyasi loyihasining maqbul yoki maqbul emasligi, talabgor va ular bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslardan hech biri Yevropa Ittifoqi va AQShning, shuningdek, yirik xalqaro moliya institutlarining sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagani, shuningdek, kelajakda bunday ro‘yxatlarga kirish ehtimolining pastligi ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchi bosqichda talabgorning tijorat takliflari (sotib olish narxi va to‘lovni amalga oshirish muddati), zakalat puli miqdori (narx taklifining kamida 5 foizini tashkil etishi) hamda to‘lov qobiliyati baholanadi.

Aktiv haqida ma’lumot

“Paxtakor” O‘zbekistonda 1956-yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan professional futbol klubi hisoblanadi. Jamiyatning yuridik manzili: Toshkent shahri Islom Karimov ko‘chasi 98A-uy. Aktiv egallagan maydon 24,1 gektarni tashkil etadi. Qurilish osti maydoni: 83 ming 332,73 metr kvadrat (8,3 gektar), foydali maydoni esa 24 ming 262,57 metr kvadrat (2,4 gektar). Aktiv hozirda “Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi” davlat unitar korxonasi balansida hisoblanadi.

Alohida shartlar

Klubni xususiylashtirish uchun futbol klubi faoliyatini rivojlantirish va xalqaro amaliyotni joriy etish yuzasidan eng maqbul strategiya loyihasi tanlab olinadi. Aktiv bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilganda dastlabki to‘lov summasi 35 foizdan kam bo‘lgan hollarda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanadi.

Aktivni sotib olish bo‘yicha birinchi bosqichda bitta taklif kelib tushgan hollarda, savdolar o‘tkazilmagan deb e’tirof etiladi. Talabgor davlat aktivini sotib olish to‘lovini bir oydan ko‘p muddatlarda amalga oshirishni taklif etganda, uning narx taklifi ushbu muddatlarni inobatga olgan holda, belgilangan tartibda joriy qiymatga keltirib baholanadi.

Savdo yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi bilan Davaktiv agentligi tomonidan xabarnoma yuborilgandan keyin belgilangan tartibda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi (fors-major holatlari bundan mustasno) va savdolarga qatnashish uchun to‘langan zakalat puli davlat aktivi xarid to‘lovining bir qismi sifatida qabul qilinadi.

Aktiv savdolari yakunlari bo‘yicha g‘olib tomonidan to‘lanadigan xarid qiymatiga chegirma qo‘llanmaydi. Savdolar yakunlari bo‘yicha savdo g‘olibi tomonidan oldi-sotdi shartnomasini tuzish rad etilsa yoki undan voz kechilsa, u tomonidan to‘langan zakalat puli miqdori qaytarilmaydi.

Davlat aktivlarini xususiylashtirish va xususiylashtirish jarayonlarini muvofiqlashtirish davlat komissiyasi yoki ishchi organ o‘z xohishiga ko‘ra hech qanday majburiyatni o‘z zimmasiga olmagan holda, har qanday vaqtda savdoni to‘xtatishi hamda savdo jarayonida talabgorlardan qo‘shimcha va/yoki aniqlashtiruvchi ma’lumotlar so‘rashi mumkin.

Klublarning xususiylashtirilishi

Klub xususiylashtirilishi prezidentning 2023-yil 24-martdagi qaroriga asosan yuz bermoqda. Mazkur qarorda, shuningdek, “Buxoro”, “Nasaf”, “Mash'al”, “Lokomotiv”, “Olmaliq”, “Metallurg”, “Bunyodkor”, “Sho‘rtan”, “Navbahor lochinlari”, “Dinamo plyus” futbol klublari ham xususiylashtirilishi belgilangan.

Shuningdek, Davaktiv Osiyo Futbol Konfederatsiyasi tomonidan futbol klublarining bir davlat tashkiloti tasarrufida bo‘lishi sog‘lom raqobat muhitini yaratishga to‘sqinlik qilishi bildirilganini qayd etgan. Bugungi kunda futbol klublari davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar tasarrufida qolib, umumiy benefitsiar davlat bo‘lib qolmoqda. Bu holat xalqaro prinsiplarga muvofiq hisoblanmaydi. Shunga ko‘ra, dastlab jozibadorligi yuqori bo‘lgan futbol klublarini xususiylashtirgan holda xususiy sektorning ulushini bosqichma-bosqich oshirish rejalashtirilgan.

OFKning bu talabi haqida 2021-yilda O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayev ham gapirib o‘tgandi. O‘shanda birdaniga 9 ta Superliga va 4 ta Pro liga jamoasining aksiyalari hokimliklar va davlat kompaniyalari ma’muriyatiga ularni keyinchalik sotish sharti bilan topshirilgandi.

“OFK barcha klublar bir tashkilotga tegishli bo‘lishi mumkin emasligi bayon etilgan Litsenziyalash reglamenti bilan bunga qarshi chiqdi. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatiga oshirish hisobiga berilishi va keyinchalik belgilangan tartibga sotilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Ya’ni 2030-yilga qadar bu 13 klub baribir sotib ulgurilishi kerak”, — degandi o‘shanda Diyor Imomxo‘jayev.

Shuningdek, 15-yanvar kuni Diyor Imomxo‘jayev “Gazeta.uz"ning Mifonomika loyihasida “Paxtakor” va “Surxon” futbol klublari xususiylashtirilish arafasida turganini ma’lum qilgandi.

O‘zPFL rahbari suhbatda davlat 2030-yilgacha professional futbolni moliyalashtirishni to‘xtatish, klublarni xususiylashtirish va futbolni to‘liq bozor mexanizmiga o‘tkazish niyatida ekanini qayd etdi.

“Xususiylashtirish arafasida turgan klublar bor, birinchisi — „Paxtakor“. Barcha shu niyatda. Hammasi shaffof bo‘lsin, sotuvga qo‘yilsin, sotib oladigan odam sotib olsin. Investor ham tayyor, bu — katta loyiha. Ikkinchisi — „Surxon“. Bu klub aslida bir yil oldin xususiylashtirilishi kerak edi. Lekin klubda bundan avval ishlagan odamlar yo‘l qo‘ygan ba’zi xatolar bor, Surxondaryo prokuraturasi buni o‘rganish jarayonida, ish juda jiddiy ketmoqda”, — dedi PFL rahbari.

Uning ta’kidlashicha, hozirning o‘zida sotuvga qo‘yishga munosib bo‘lgan o‘zining poydevori, stadioni, yeri bo‘lgan “Nasaf” va “Bunyodkor” kabi tayyor futbol klublari bor. Lekin ularni sotib oluvchi investorlar masalasida muammolar mavjud.