Shavkat Mirziyoyev 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan iqtisodiyot bo‘yicha iqtisodiy rivojlanish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida 2024-yil iqtisodiy kompleks rahbarlari va barcha davlat korxonalari uchun tannarxni qisqartirish va samaradorlik yili bo‘lishini ta’kidladi. Bu haqda prezident matbuot kotibi xabar berdi.

Yig‘ilishda joriy yilda yalpi ichki mahsulotni kamida 6 foizga ko‘paytirib, 100 milliard dollarga yetkazish reja qilingani ta’kidlandi. Lekin o‘tgan yili sanoat 6 foiz o‘sgani bilan, ishlab chiqarishda qo‘shilgan qiymat 40 foizdan oshmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

“Bu raqamlar bizni qoniqtirmaydi. Bular asosan importga qaramlik va energiya iste’moli yuqoriligi hamda ortiqcha xarajatlar ko‘pligi sababli bo‘lmoqda”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Yirik sanoat tarmoqlariga soliq yuki kamaytirilgan bo‘lsa-da, ko‘p tarmoqlar davlatga tushumni ta’minlash o‘rniga xarajatini oshirayotgani qayd etildi. Jumladan, 10 ta yirik korxonada xarajatlar daromaddan tezroq o‘sgani kuzatilgan.

Yig‘ilishda mas’ullarga 2024-yilda qo‘shilgan qiymatni 45 foizdan oshirish, tannarxni 15 foizga kamaytirish, umuman, sanoatda 7 foiz o‘sishni ta’minlash bo‘yicha korxonabay chora-tadbir tasdiqlab, amalga oshirish topshirig‘i berildi. Shuningdek, yirik tarmoqlarda tannarxni 20 trln so‘mga, debitor qarzdorlikni 8 trln so‘mga kamaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Strategik islohotlar agentligiga har oyda kamida 2 tadan tarmoqni tahlil qilib, qanday qilib tannarxni kamaytirish, qo‘shilgan qiymat va mehnat unumdorligini oshirish hamda yangi imkoniyatlarni ishga solish mumkinligini ko‘rsatib berish vazifasi berildi.

2024-yilda iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish hisobiga yalpi ichki mahsulotning kamida 6 foiz o‘sishini ta’minlash iqtisodiy kompleks rahbariyatining asosiy vazifasi etib belgilandi.

Yig‘ilishda, shuningdek, 2023-yilda iqtisodiy o‘sish 6 foizni tashkil qilgani ma’lum qilindi. “Zamonga munosib fikrlash, qaror qabul qilishda tezkorlik yetishmayotgani” sabab hukumatning iqtisodiy kompleksdagi o‘rinbosarlar sonini 15 foizga (hozir ular 40 nafar) qisqartirish to‘g‘risida topshiriq berildi.

Bundan tashqari, iqtisodiy kompleks rahbarlariga oylik, choraklik va yillik samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) joriy etilishi ma’lum qilindi. Ish haqi ham ularning ijrosiga bog‘lanadi.