15-yanvar kuni soat 14:56 da Toshkent shahri Sergeli tumanida metroning “Qipchoq” va “Turon” bekatlari yaqinidagi bir nechta do‘konlarda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Yong‘in tumanning Qanora ko‘chasida joylashgan yengil konstruksiyadan qurilgan do‘konlarda kelib chiqqan. Voqea joyiga 4 ta yong‘in qutqaruv ekipaji soat 15:01 da yetib borgan. Soat 15:05 da yong‘in to‘liq o‘rab olingan va soat 15:12 da batamom o‘chirilgan.

Hodisa oqibatida jarohat olgan va vafot etgan fuqarolar yo‘q. Ayni vaqtda yong‘inning kelib chiqish sababi va zarar miqdori o‘rganilmoqda, deyiladi xabarda.

“Toshkent metropoliteni” matbuot xizmati ushbu yong‘in metro tizimiga hech qanday ta’sir ko‘rsatgani yo‘qligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, dushanbaga o‘tar kechasi Yunusobod tumanida joylashgan kafe yonib ketgandi. Vafot etganlar va jabrlanganlar bo‘lmagan. Ikki kun avval Mirobod tumanidagi kafelardan birida ham yong‘in sodir bo‘lib, 3 kishi jarohatlangandi.