O‘zbekiston Professional futbol ligasi direktori Diyor Imomxo‘jayev “Paxtakor” va “Surxon” futbol klublari xususiylashtirilish arafasida turganini ma’lum qildi. Bu haqda u “Gazeta.uz”ning Mifonomika loyihasida gapirib o‘tdi.

Diyor Imomxo‘jayev davlat 2030-yilgacha professional futbolni moliyalashtirishni to‘xtatish, klublarni xususiylashtirish va futbolni to‘liq bozor mexanizmiga o‘tkazish niyatida ekanini qayd etdi.

“Xususiylashtirish arafasida turgan klublar bor, birinchisi — „Paxtakor“. Barcha shu niyatda. Hammasi shaffof bo‘lsin, sotuvga qo‘yilsin, sotib oladigan odam sotib olsin. Investor ham tayyor, bu — katta loyiha. Ikkinchisi — „Surxon“. Bu klub aslida bir yil oldin xususiylashtirilishi kerak edi. Lekin klubda bundan avval ishlagan odamlar yo‘l qo‘ygan ba’zi xatolar bor, Surxondaryo prokuraturasi buni o‘rganish jarayonida, ish juda jiddiy ketmoqda”, — dedi PFL rahbari.

Qayd etilishicha, bu ish tugallanib, topshirish va qabul qilib olish aktlari rasmishlashtirilganidan keyin klub xususiylashtiriladi.

“Bularni ko‘rib turib, qadriyat shakllanishi kerak. Misol uchun, ertaga ikki katta korxona yoki ikki katta shaxsning raqobati boshlansa, uchinchi va to‘rtinchilarning chiqishi tezroq bo‘ladi. Shuning uchun bizning o‘zimiz ham bu narsani sabrsizlik bilan kutib turibmiz. Shu yo‘nalishda ketilsa, menimcha, hammasi yaxshi bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi Diyor Imomxo‘jayev.

Uning ta’kidlashicha, hozirning o‘zida sotuvga qo‘yishga munosib bo‘lgan o‘zining poydevori, stadioni, yeri bo‘lgan “Nasaf” va “Bunyodkor” kabi tayyor futbol klublari bor. Lekin ularni sotib oluvchi investorlar masalasida muammolar mavjud.

“Surxon”dagi davlat ulushi

“Surxon” futbol klubidagi davlat ulushi 2021-yil may oyida Davlat aktivlarini boshqarish agentligidan Surxondaryo viloyati hokimligiga o‘tkazilgan. O‘shanda birdaniga 9 ta Superliga va 4 ta Pro liga jamoasining aksiyalari hokimliklar va davlat kompaniyalari ma’muriyatiga ularni keyinchalik sotish sharti bilan topshirilgan.

Diyor Imomxo‘jayev bunga izoh berib, 13 ta jamoadagi davlat ulushi hokimliklar va kompaniyalar vakolatiga qaytarilishining sabablaridan biri sifatida OFKning norozoligini ko‘rsatgandi.

“OFK barcha klublar bir tashkilotga tegishli bo‘lishi mumkin emasligi bayon etilgan Litsenziyalash reglamenti bilan bunga qarshi chiqdi. Shundan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasi professional futbol klublari ustav kapitalidagi davlat ulushi va xo‘jalik jamiyatlarining ulushlarini balans qiymatiga oshirish hisobiga berilishi va keyinchalik belgilangan tartibga sotilishi bo‘yicha qaror chiqardi. Ya’ni 2030-yilga qadar bu 13 klub baribir sotib ulgurilishi kerak”, — deya qo‘shimcha qilgandi o‘shandi Imomxo‘jayev.

“Paxtakor”dagi davlat ulushi

2017-yil 21-avgustda Shavkat Mirziyoyevning ““Paxtakor” futbol klubi moddiy-texnik bazasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolangan.

Hujjatda SFI Management Group xorijiy korxonasi investitsiya majburiyatlarini bajarish sharti bilan “Paxtakor” futbol klubi ustav fondining 80 foizini “nol” qiymatda sotib olishi belgilangandi.

SFI Management Group besh yil davomida eng kamida 200 mlrd so‘mlik investitsiya majburiyatini ado etishi, biznes rejaga muvofiq, bino va inshootlar xalqaro talablarga mos tarzda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi va kapital ta’mirlanish kerak edi. Toshkent hokimiyati klub ustav jamg‘armasining 20 foizini o‘zida saqlab qolishi nazarda tutilgandi.

2020-yil fevralida Davlat aktivlarini boshqalari agentligi prezidentning “Iqtisodiyotda davlat ulushini qisqartirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qildi.

Hujjat loyihasida davlat ulushi 0,01 foizdan 100 foizgacha bo‘lgan jami 1115 ta korxonani, shu jumladan, “Paxtakor”, “Neftchi”, “Buxoro”, “Dinamo”, “Surxon” futbol klublarini to‘liq xususiylashtirish nazarda tutilgandi.

2021-yil 6-may kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Davlat ishtirokidagi korxonalarning moliyaviy hisobotlar tahlilini elon qildi va 2020-yilda eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ishtirokidagi korxonalar o‘ntaligida Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi bor ekanini qayd etdi. Jamoa 2020-yilda 82,7 mlrd so‘m zarar ko‘rgan. Eslatib o‘tamiz, 2021 (-30,3 mlrd) va 2022-yillarda (-25,2 mlrd so‘m) ham klub O‘zbekistondagi eng ko‘p zarar ko‘rgan davlat ulushi mavjud korxonalar ro‘yxatiga kirgandi.

Shu xabarlar OAVda e’lon qilingach, ijtimoiy tarmoqlarda “Paxtakor”ning davlat budjetidan shuncha mablag‘ni sovurgani, nafaqat bir klub, balki futbolning zararlari haqida turli xil fikr-mulohazalar yangradi. Fikrlardan eng ko‘pi so‘nggi yillarda klub o‘zini xususiy jamoa deyishi, davlat budjetidan pul olmay kelgani haqida bo‘ldi.

“Paxtakor” futbol klubi ham o‘sha kunning o‘zida bayonot berdi. Unda klubning 80 foiz ulushi 2017-yilda SFI Management Group MCHJga o‘tkazilishi va klubning ustav fondidagi 20 foiz ulush Toshkent shahri hokimligida saqlab qolinishi ma’qullangani aytiladi. “Shu vaqtdan buyon “Paxtakor” futbol klubi budjeti to‘lig‘icha SFI Management Group MCHJ tomonidan shakllantirib kelingan.

Keyinchalik esa futbol mutaxassisi Alisher Nikimbayev o‘z Telegram kanalida SFI Management Group kompaniyasi “Paxtakor” klubining 80 foiz aksiyasidan voz kechgani, natijada klub egaligi to‘liq ravishda poytaxt hokimligiga o‘tgani haqida yozgan.