O‘zbekistonda huquqiy eksperiment tariqasida faoliyatni boshlamoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun uch oygacha o‘tish va boshlash davrini belgilaydigan “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi joriy etilmoqda. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 9-yanvardagi “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida (PF-8) nazarda tutilgan.

Ushbu rejim 2024-yil 1-martdan 2025-yil 1-yanvargacha rentgen uskunasidan foydalanish va veterinariya laboratoriya-diagnostika ishlarini amalga oshirishga nisbatan qo‘llaniladi.

Adliya vazirligi vakolatli organlar bilan 1-noyabrga qadar eksperiment natijalarini tahlil qilish asosida maxsus rejimni to‘liq joriy qilish va uni boshqa faoliyat turlariga ham tatbiq etish bo‘yicha hukumatga takliflar tayyorlashi lozim.

Maxsus rejimda tadbirkorlarga “Litsenziya” axborot tizimi orqali vakolatli organni bepul xabardor qilgan holda litsenziya yoki ruxsat beruvchi hujjat olmasdan uch oy muddatga mazkur faoliyat turlarini amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Xabarnoma belgilangan tartibda yuborilganidan boshlab uch oygacha muddatda tadbirkorlik subyektlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatni litsenziyasiz va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganliklari uchun javobgarlikka tortilmaydi.

Mazkur rejimda ish boshlagan tadbirkorlik subyekti uch oy muddatda o‘z faoliyatini litsenziya talablari va shartlariga yoki ruxsat berish tartib-taomillariga muvofiqlashtirish choralarini ko‘rishi, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatini olishi yoki o‘z faoliyatini to‘xtatishi kerak.

Eslatib o‘tamiz, mart oyidan boshlab tadbirkorlik subyektlari uchun 16 turdagi litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilinadi. Bu tadbirkorlarga yiliga qariyb 350 mlrd so‘m mablag‘ni tejash imkonini beradi.