Iqlimshunos, ilmiy tadqiqotchi Erkin Abdulahatov “Lolazor” podkastida Toshkent havosining ifloslanish sabablari haqida gapirdi.

Havo sifati standartlari haqida

орол dengizi, оролqum, тошкент, экология, эркин абдuлаҳатов, havo changлаniши

Dekabr oyining ba’zi kunlarida global havo sifati bo‘yicha IQair veb-sayti O‘zbekiston poytaxti havosi “zararli” ekanini ko‘rsatdi: PM2,5 (o‘lchami 0,001 dan 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan mayda zarrachalar) 14-dekabrda 108,8 mkg/m`ni tashkil etdi. Bu JSSTning havo sifati bo‘yicha yillik o‘rtacha tavsiyasidan 22 baravar yuqori (5 mkg/m3, kunlik tavsiya esa 15 mkg/m3).

22-dekabr kuni Toshkent shahrining Yunusobod tumanidagi AQSh elchixonasi hududida o‘rnatilgan havo sensori PM2,5 konsentratsiyasi 335 mkg/m3 yoki yillik me’yordan 67 baravar ko‘p ekanini ko‘rsatdi.

Erkin Abdulahatovning tushuntirishicha, dunyoda PM2,5 zarralarini keng qamrovli o‘rganish 2010-yilda boshlangan. Toshkentdagi birinchi havo sifati sensori 2017-yilda AQSh elchixonasiga o‘rnatilgan, keyin esa “Zamin” jamg‘armasi orqali poytaxtning yana to‘rtta joyiga datchiklar o‘rnatildi. Hozirda bunday qurilmalar O‘zbekistonning yana 8 ta shahrida joylashgan.

Changning inson salomatligiga ta’siri bo‘yicha AQSh va Yevropa mamlakatlari olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalari jahon standarti sifatida qabul qilingan, dedi klimatolog. Uning fikricha, turli mamlakatlarda changning mineral tarkibi har xil.

“Misol, arab mamlakatlariga borsangiz, yoqangiz kir bo‘lmaydi yoki yaltiragan tuflingizga qum yopishib qolmaydi. Sababi uning mineralizatsiyasi past. Bizning changimiz ham boshqacha bo‘lgani uchun o‘zimizning me’yorlarni ishlab chiqishimiz shart. Bizda PM10 uchun standartlar mavjud, lekin PM2,5 uchun yo‘q. Shuning uchun biz jahon standartlaridan foydalanamiz”, — dedi u.

Toshkent shahridagi havoning ifloslanish sabablari

Toshkent osmonidagi tutun, 2023-yil 14-dekabr.Toshkent osmonidagi tutun, 2023-yil 14-dekabr.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, 21-dekabr kuni sovuq ob-havo sharoitida “zararlilik” ko‘rsatkichi JSST tavsiyalaridan 50 baravar ortib ketgan havoning kuchli ifloslanishi texnogen sabablarga ko‘ra yuzaga kelgan. Gap yonilg‘i quyish shoxobchalari yopilishi fonida past sifatli Ai-80 benzinidan katta hajmlarda foydalanish, shuningdek, isitish tizimlarida mazut va ko‘mir yoqish haqida bormoqda, dedi u. Bu haqda avvalroq O‘zgidromet rahbari Sherzod Habibullayev ham aytib o‘tgandi. Undan ham avval energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun mazut zaxirasi 7,4 baravarga — 340 ming tonnagacha oshirilganini ma’lum qilgandi.

Klimatologning ta’kidlashicha, shamol oqimlari kechqurun baland tog‘lardan Toshkentga, ertalab esa orqaga, tog‘lar tomon yo‘nalgan. Poytaxtda bu oqimlarning o‘zgarishi vaqtida soat 5:00 dan 8:00 gacha, keyin esa 17:00 dan 20:00 gacha sokin — shamolsiz ob-havo hukm suradi.

“Shamolsiz vaziyat yuzaga kelganda, shahar chetidagi qozonxonalar va issiqlik markazlarida chiqarilgan mazut yonilg‘isining havoda muallaq turib qolish effekti hisobiga datchiklar juda katta raqamlarni ko‘rsatib yubordi. Bu jahon standartlari bo‘yicha. Hozir bu o‘zimizning standartlarimiz bo‘yicha o‘rganilyapti. Buning o‘zi oltita darajasi bor: yashil, sariq, to‘q sariq, qizil, binafsha va to‘q binafsha. Biz to‘q binafsha rangga o‘tdik o‘sha kuni. Bu niqob emas, protivogaz bilan yuriladigan havo”, — dedi u.

Iqlimshunos Toshkent shahrining geografik joylashuvi ta’sirini ham ta’kidlab o‘tdi. Ohangaron, Angren, Olmaliqdagi yirik sanoat korxonalari, Chirchiqdagi mineral azotli o‘g‘itlar ishlab chiqaruvchi korxonalardan kelayotgan chang-to‘zonlar, atmosferaga chiqayotgan chiqindilar shaharda ushlanib qoladi.

Shamol gullarini hisobga olsangiz, avval shamol 4 m/s tezlikda tog‘dan esadi, Chirchiqda 3 m/s`gacha, Qibray tumanida esa 2,5 m/s`gacha pasayadi. Shahar devorlariga urilib, Sergeli, Chilonzor, Uchtepa tumanlariga kelganda sokin holatga tushadi. Ya’ni kechqurun shamol sharq va shimoli-sharqdagi sanoat korxonalaridan zararli chiqindilar olib kelib, Toshkentga tashlaydi”, — dedi u.

Atmosferaning ifloslanishini ikki guruhga bo‘lish mumkin — tabiiy va texnogen. Texnogen omillar — past sifatli benzin, mazut va boshqalardan foydalanish, tabiiy omillar — cho‘llanish, iqlim o‘zgarishi.

“100 yil oldin Orol dengiziga Sirdaryo va Amudaryo tinchgina oqib o‘tgan va bizga chang kirib kelgan Qozog‘istonning janubiy hududlarida cho‘l o‘simliklari o‘sgan. Biz cho‘l o‘simliklarini o‘zlashtirdik va hozir unda tuproqni ushlab qoladigan ildiz qoplama yo‘q”, — deydi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xuddi shunday holat Zarafshon vodiysining shimolini, Nurota tog‘larining sharqiy va janubiy qismlarini, Qizilqum cho‘lining shimoli-sharqiy qismini qamrab olgan Mirzacho‘l (och dasht) bilan ham takrorlanishi mumkin.

“Mirzacho‘l bilan ham kelgusida shunday xavf bo‘lishi mumkin. Biz Mirzacho‘lni o‘zlashtirdik. Suv tanqisligi yuzaga kelyapti, sekin-asta gektar-gektar sug‘orilgan yerlar ishdan chiqmoqda. Aslida saksovul ekish kerak u yerlarga [boshqa ekinlar emas]”, — dedi u.

Erkin Abdulahatov Orolqum tubiga saksovul ekilayotganini mamnuniyat bilan kutib olgan va bu o‘z samarasini bera boshlagan, hozirda u yerdagi yashil qoplamalarni maxsus dasturlar orqali ko‘rish mumkin. “Yashillikning paydo bo‘lishi yomg‘irni ham ko‘paytirishi mumkin”, — dedi u.

Uyqu sifati yomonlashuvining sabablari

Nega davlat xizmatchilari yashash joyi sifatida poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Qorasuv massivini tanlashi haqidagi savolga javob berar ekan, Erkin Abdulahatov bu yerda “kislorod ko‘p”ligini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bir nechta tadqiqotchilar o‘zlarining metodologiyasidan foydalanib, kislorod, azot va karbonat angidrid tarkibini o‘rganishgan. O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, Toshkent shahri markazida kislorod miqdori 20 foiz — dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan qariyb 1 foizga past (21 foiz), Transport vazirligi (Zulfiyaxonim ko‘chasi) yaqinida esa 20,3 foiz.

“Uyqularimiz yo‘qolishiga sabab — kislorod past. Ya’ni shaharda o‘rtacha 21 foiz atrofida kislorod bo‘lishi kerak. Bu o‘zi 0,1−0,2 foizlik o‘zgarishda ham bilintiradi, kattaroq raqamlarni tasavvur qilavering. Katta shaharlarda kislorod miqdori odatda 20,5 foiz bo‘ladi, lekin bizniki bu ko‘rsatkichdan ham pastroq. Bu yashillikning yo‘q bo‘lib ketganini anglatadi”, — dedi u va aniqroq ma’lumotlar to‘liq tadqiqotni talab qilishini ta’kidladi.

Haroratning o‘zgarishi va bunga saksovulning ta’siri haqida

Orol dengizi tubidagi saksovul. Surat: Zinoviy Novitskiy.Orol dengizi tubidagi saksovul. Surat: Zinoviy Novitskiy.

Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, harorat o‘zgarganda hukumat energetika sohasiga ko‘proq e’tibor qaratmoqda, ammo qishloq xo‘jaligi ham bundan kam zarar ko‘rmagan.

“Kecha so‘rovnoma qo‘ydim. Dekabr oyidagi iqlim karuseli — avvaliga issiq, keyin sovuq, keyin yana issiq havo — bu birinchi navbatda qaysi sohaga ta’sir qildi degan savolni berdim. Mening taxminlarimni xalqning o‘zi aytdi (Erkin Abdulahatov Uzb_Meteo kanalini boshqaradi) — 64 foizi qishloq xo‘jaligiga dedi. Ya’ni hozir biz energetika sohasida ko‘rayotgan zararimizdan ko‘ra, qishloq xo‘jaligimiz juda katta zarar bilan chiqadi 2024-yilda”, — dedi u.

Erkin Abdulahatovning aytishicha, qabul qilinayotgan stress tufayli daraxt va o‘simliklar kamroq hosil beradi.

Atrof-muhitga ta’siriga kelsak, uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi navbatda, oqibatlarga qarshi samaraliroq kurashish uchun ifloslanish manbalarini aniqlash kerak.

“Toshkent shahri uchun Qozog‘istonning ta’siri kuchli, chang ko‘tariladi, o‘simlik qoplamasi yo‘q. Balki Qozog‘iston bilan kelishib, Orol dengizida ishlarni hozirdan qilishimiz, saksovul va boshqa cho‘l o‘simliklarini ekishimiz kerakdir… Saksovul Orol dengizida o‘zini oqlabdi. Nima uchun archa ekishmadi u yerga? Demak, saksovulning ta’siri bor”, — deydi u.

Orolni ko‘kalamzorlashtirish dasturi 2018-yilda boshlangan. “Nukusliklar yoki xorazmliklardan so‘rashingiz mumkin: oxirgi marta qachon chang bo‘roni bo‘ldi? Ular aytadi: 2018-yilda bo‘ldi. Oradan 5 yil o‘tdi va ular hech qanday chang bo‘ronini ko‘rgani yo‘q. Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan o‘tayotgan havo oqimlarini kuzatamiz va ular chang ko‘tarmaydi. Keyin esa Buxoro, Navoiy, Samarqand viloyatlarida chang ko‘tariladi va davom etadi”, — deya ta’kidlagan mutaxassis bu hududlarda cho‘l o‘simliklarini ekish zarurligini aytdi. Qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, akademik Zinoviy Novitskiy avvalroq Orol dengizi tubini o‘rmonlashtirish bo‘yicha muvaffaqiyatli tajriba haqida gapirgan edi.

Shuningdek, u katta ko‘p yillik daraxtlar yerosti suvlarini ko‘tarish va saqlashga yordam berishini ta’kidladi, bu esa namlikni oshiradi va havo haroratini pasaytiradi.

Sog‘likka ta’siri

Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Klimatologning ta’kidlashicha, bunday sifatsiz havo odamlarning, shu jumladan, “to‘xtovsiz kasal bo‘lib qoladigan” bolalarning sog‘lig‘iga ta’sir qiladi.

“Mening ikki farzandim bor. Biri Namanganda, ikkinchisi chang bo‘ronidan bir oy oldin (o‘shanda odamlar kasalxonaga murojaat qilgandi — tahr.) Toshkentda tug‘ilgan. U bir oylik bo‘lganida chang bo‘ronidan azob chekib, allergik kasalliklarga moyil bo‘lib qoldi. Men hozir o‘g‘lim orqali changni datchiklarsiz sezaman. U yo‘tala boshlaydi, men keyin datchikni tekshiraman, haqiqatda chang bo‘ladi. Birinchi o‘g‘limda bunday muammo yo‘q”, — dedi u.

Erkin Abdulahatov hukumatdan qurilishda ekologik ekspertiza xulosalariga rioya etilishini ta’minlash, muayyan hududga mo‘ljallangan daraxt ko‘chatlarini ekish, iqlim o‘zgarishi natijasida jiddiy zarar ko‘rishi mumkin bo‘lgan qishloq xo‘jaligiga e’tiborni kuchaytirish va bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishni, shuningdek, kutilayotgan xavf va tahdidlar fonida to‘g‘ri qarorlar qabul qilishni so‘radi.

Favqulodda holat e’lon qilinishi kerak

2023-yil 11-sentabr kuni Toshkent shahrida changli tuman kuzatildi. Havo “zararli” edi. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.2023-yil 11-sentabr kuni Toshkent shahrida changli tuman kuzatildi. Havo “zararli” edi. Foto: Yevgeniy Sorochin / “Gazeta.uz”.

Erkin Abdulahatov “Gazeta.uz” bilan suhbatda avtomobillarni Toshkent havosini ifloslantiruvchi asosiy manba deb hisoblamasligini, chunki bahorda bir xil yoqilg‘i va avtomobillar soni bilan ham datchiklar yashil rangni ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

“Bizda biz kurasha olmaydigan muammo bor. Haligacha havomizni aynan nima ifloslantirayotganini bilmaymiz. Katta miqdordagi mablag‘lar samarasiz sarflanmoqda. Ekologiya va atrof-muhit muammosi yaqin kelajakda dahshatli darajaga kelishi mumkin… Muammoni ilmiy yondashuvlar asosida hal qiladigan mutaxassislar kerak”, — deydi u.

Iqlimshunos, shuningdek, issiqxonalarni ko‘mir yoqilg‘isiga ommaviy ravishda o‘tkazish haqida gapirdi, uning aytishicha, bu Parij iqlim kelishuviga ziddir. “Ekologlar bu fikrga qarshi bo‘lishlari kerak edi. Mayli, gaz yo‘q, boshqa chora yo‘q, lekin avval narxidan qat’i nazar, filtrlar o‘rnatish, ularni tekshirish, keyin ko‘mirga o‘tish kerak edi”, — dedi mutaxassis.