Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Osiyo Kubogi starti oldidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda Falastinni mag‘lub etdi. 7-yanvar kuni Qatarda o‘tkazilgan yopiq uchrashuv 1:0 hisobida yakunlandi.

O‘yindagi yagona gol hujumchi Bobur Abdixoliqov tomonidan kiritildi. Ikkinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda o‘zbekistonliklar penaltidan foydalana olmadi.

Futbol bo‘yicha 2023-yilgi Osiyo kubogi 12-yanvardan 10-fevralgacha Qatarda bo‘lib o‘tadi, unda Osiyo Futbol Konfederatsiyasiga a’zo mamlakatlar terma jamoalari qatnashadi. Chempionlik unvonini mezbon Qatar terma jamoasi himoya qiladi. Turnir dastlab Xitoy tomonidan o‘tkazilishi rejalashtirilgandi, biroq mamlakat COVID-19 epidemiyasi tufayli 2022-yilning may oyida mezbonlikdan bosh tortgan.

O‘zbekiston Avstraliya, Suriya va Hindiston termalari bilan “B” guruhidan joy oldi. Terma jamoaning ilk o‘yini 13-yanvar (shanba) kuni soat 22:30 da Suriyaga qarshi bo‘lib o‘tadi.

18-yanvar kuni O‘zbekiston Hindiston bilan, 23-yanvarda esa Avstraliya bilan o‘ynaydi.