O‘zbekistonda 20-yanvardan mahalliy poyezd chipta narxlari oshiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektropoyezdlari hamda “Sharq”, “Nasaf” va “O‘zbekiston” tez yurar poyezdlarining chiptalar narxi 20 foizga oshmoqda.

Xususan, “Afrosiyob” elektropoyezdlari biletlari narxlari quyidagicha etib belgilanmoqda:

Toshkent — Buxoro — Toshkent (narxlar faqat bir tomon uchun)

  • VIP — 636 ming so‘m (hozir — 530 ming so‘m);
  • biznes — 462 ming so‘m (385 ming);
  • ekonom — 336 ming so‘m (280 ming).

Toshkent — Qarshi — Toshkent

  • VIP — 534 ming so‘m (455 ming);
  • biznes — 390 ming so‘m (325 ming);
  • ekonom — 282 ming so‘m (235 ming).

Toshkent — Samarqand — Toshkent

  • VIP 396 ming so‘m (330 ming);
  • biznes 276 ming so‘m (230 ming);
  • ekonom 204 ming so‘m (170 ming).

Kompaniyaning ta’kidlashicha, ushbu qaror Vazirlar Mahkamasi huzuridagi idoralararo tarif komissiyasi qaroriga muvofiq, temiryo‘l infratuzilmasini isloh qilish, elektr energiyasi — yonilg‘i, logistika va transport xarajatlarini qoplash maqsadida qabul qilingan.

Shuningdek, yo‘lovchi vagonlari parkini yangilash, yangi yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarni xarid qilish, temir yo‘l vokzallarini davr talablariga muvofiq saqlash maqsadida amalga oshirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bundan 2 oycha avval ham mahalliy poyezdlar chipta narxlari ko‘tarilgandi. Xususan, yo‘lovchi poyezdlarida narxlarning tarif qismi 44 foizga, “Afrosiyob” elektropoyezdlariniki esa 60 foizga oshirilgandi.

Avvalroq 2024-yil 1-yanvardan yuqori tezlikda harakatlanadigan va tezyurar poyezdlarda yo‘lovchilarni tashish xizmatlari tariflarini davlat tomonidan tartibga solish amaliyotidan voz kechilishi va ularni bozor tamoyillari asosida tartibga solish mexanizmiga o‘tilishi xabar qilingandi.