O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli uchun o‘suvchan koeffitsiyentlarning joriy etilishi qo‘shimcha 26 mlrd so‘m undirish imkonini berdi. Bu haqda Energetika vazirligi “Gazeta.uz”ga ma’lum qildi.

Oyiga 1000 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qiladigan maishiy abonentlar uchun o‘suvchan koeffitsiyentlar (2 dan 4 gacha) 1-noyabrdan joriy etilgandi. O‘shanda Energetika vazirligi o‘suvchan koeffitsiyentlar iste’molchilarning 98 foiziga ta’sir qilmasligini qayd etgandi (ya’ni iste’molchilarning shuncha qismi 1000 kVt soatdan kamroq elektr energiyasi iste’mol qiladi).

Birgina noyabr oyida o‘suvchan koeffitsiyentlar joriy etilishi hisobiga iste’molchilardan qo‘shimcha 26 mlrd so‘m undirilgan. Sovuq havo tufayli elektr energiyasi iste’moli ko‘proq bo‘lgan dekabr oyi uchun ma’lumotlar keyinroq berilishi kutilmoqda.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, respublika bo‘yicha 6,869 mln abonent (jami abonentlarning 98 foizi) 1000 kVt/soatgacha elektr energiyasi iste’mol qiladi, biroq ularning iste’moldagi ulushi 87,3 foizni tashkil etadi.

Qolgan hajm (deyarli 13 foiz) abonentlarning 2 foiziga, ya’ni 1000 kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qiladigan abonentlarga to‘g‘ri keladi. Avvalroq 10 ming xonadon oyiga 5 ming kVt/soatdan, yana 4 mingtasi esa 10 ming kVt/soatdan ortiq elektr energiyasi iste’mol qilishi ta’kidlangandi.

“Mana shu 2 foiz hisobidan noyabr oyida 26 mlrd so‘m to‘lov o‘tkazilishiga erishdik”, — deb ta’kidladi Energetika vazirligi.

Vazirlik hisob tizimini soliq organlari bilan integratsiyalagan, shuning uchun abonentlar liniyalarni ajratish va ma’lumotlarni qayta taqsimlash orqali ko‘rsatkichlarni kamaytira olmaydi, deya ta’kidladi vazirlik.

Qayd etilishicha, mazkur choralar sababli ham dekabr oyida aholining elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Bahorda gaz va elektr energiyasi tariflarining mumkin bo‘lgan oshirilishi tufayli iste’mol yanada kamayishi mumkin, deya taxmin qilmoqda vazirlik.

Koeffitsiyentlar bo‘yicha 1 kVt soat elektr energiyasi narxi
Iste’mol
1000 gacha
1001−5000
5001−10 000
10 001 yoki undan ko‘p
Koeffitsiyent va tarif so‘mda
1 — 295
2 — 590
3 — 885
4 — 1180