Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev “Egemen Qozog‘iston” gazetasiga katta intervyu berib, unda Konstitutsiya bo‘yicha referendum o‘tkazish va 2026-yilda yana prezidentlik saylovlarida qatnashish rejalari borligi haqidagi mish-mishlarni rad etdi, shuningdek, mamlakatda qo‘shhokimiyatga urinishlar bo‘lgani va yanvar noroziliklari haqida gapirdi. “Gazeta.uz” suhbatdan eng muhim iqtiboslarni tanlab oldi.

Ehtimoliy qayta saylanish va islohotlar haqida

“Bu noto‘g‘ri ma’lumot. Ishonchim komilki, Konstitutsiyaga, ayniqsa, bunday fundamental masala bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirishlar kiritish endi mumkin emas. Konstitutsiyaviy islohot Asosiy qonunga o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish kiritish maqsadida amalga oshirilmagan”, — dedi Toqayev 2026-yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun konstitutsiyaviy referendum o‘tkazmoqchiligi haqidagi mish-mishlarga javob berar ekan.

“Konstitutsiyadagi bir martalik prezidentlik muddati haqidagi qoida o‘zgarmaydi. Bu me’yor davlatimizning mustaqilligi, birligi, hududiy yaxlitligi va boshqaruv shakliga oid normalar kabi o‘zgarmasdir”, — dedi u.

2022-yil iyun oyida Qozog‘istonda Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Uni saylovchilarning 77,18 foizi qo‘llab-quvvatladi. Asosiy qonunning yangi tahririga ko‘ra, prezidentning vakolat muddati besh yildan yetti yilgacha oshirildi, qayta saylanish esa taqiqlandi.

Qasim-Jomart Toqayev 2019-yil yozida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev iste’foga chiqqanidan keyin prezident etib saylangan edi. 2022-yil noyabridagi konstitutsiyaviy referendumdan so‘ng Toqayev muddatidan oldin o‘tkazilgan saylovda bir martalik yetti yillik muddatga Qozog‘iston prezidenti etib qayta saylandi.

Intervyuda Toqayev yagona yetti yillik muddat g‘oyasi haqida 15 yil oldin ham yopiq muhokamalarda gapirganini, ammo o‘shanda bu taklif “qo‘llab-quvvatlanmaganini” aytdi. Prezidentlikka saylanganidan so‘ng, u “g‘oyaning ijobiy va salbiy tomonlarini o‘lchab ko‘rgan” va uni qanday amalga oshirish haqida “ko‘p o‘ylagan”.

“2022-yilda superprezidentlik vakolatlarini bekor qilishga qaratilgan bir qancha muhim konstitutsiyaviy o‘zgartirishlar amalga oshirildi. O‘shanda men yagona yetti yillik muddat g‘oyasini taklif qildim. Ushbu tashabbus mamlakat miqyosida qo‘llab-quvvatlandi. Shuning o‘zi hammasini aytib turibdi”, — deya qo‘shimcha qildi Toqayev.

Qozog‘iston rahbari, shuningdek, “eski tuzumga qaytishning iloji yo‘qligini”, mamlakatdagi siyosiy islohotlar esa “qaytarib bo‘lmas” tus olganini ta’kidladi.

“Xalqning siyosiy mentaliteti tubdan o‘zgardi. Huquqiy savodxonlik va fuqarolar faolligi demokratik o‘zgarishlarning asosiy kafolatiga aylandi. Xalq endi orqaga qaytishga yo‘l qo‘ymaydi va, ishonchim komilki, ro‘y bergan o‘zgarishlarni qat’iy himoya qiladi”, — dedi u.

Qo‘shhokimiyat haqida

Toqayev Nazarboyev prezidentlikdan ketganidan keyin Qozog‘istonda qo‘shhokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo‘lganini tan oldi.

“Haqiqatan ham qo‘shhokimiyat modelini joriy etishga urinishlar bo‘lgan va, aytishim kerakki, bu urinishlar maqsadli va uyushtirilgan edi. “Hokimiyat tranziti”ning hozirgi siyosiy vaziyatida siyosiy manipulyatorlar o‘ziga xos parallel hokimiyat markazini shakllantirdi. Mamlakatimizda prezident va Oliy bosh qo‘mondon, shuningdek, sobiq prezident ko‘rinishidagi Xavfsizlik Kengashi raisi bor edi. Bu, pirovardida, hokimiyat to‘qnashuviga olib kelmasligi mumkin emasdi”, — dedi Toqayev.

Iste’foga chiqqaniga qaramay, Nazarboyev Qozog‘istonda bir qator muhim lavozimlarni egallashda davom etdi, jumladan, “elboshi” konstitutsiyaviy unvonini oldi. Konstitutsiyaviy islohotdan keyin Nazarboyev barcha lavozimlaridan ayrildi.

Bu holat Qozog‘istonda 2022-yilning yanvarida sodir bo‘lgan ommaviy tartibsizliklarning dastlabki sabablaridan biriga aylandi, dedi u. Toqayevning so‘zlariga ko‘ra, u Nazarboyevga qarata “siyosiy o‘yinlar, ayniqsa, uning eng yaqin quroldoshlari mamlakatni deyarli parchalab tashlaganini” aytgan.

“Men „katta va kichik prezidentlar“ umuman bo‘lmasligi kerak deb hisoblayman. „Ketdingmi — ortga qayrilma“. Bu shunday ishlardan ogoh bo‘lishi kerak bo‘lgan kelajak avlod rahbarlari uchun jiddiy saboqdir”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Yanvar noroziliklari haqida

“Menimcha, hukumat va jamiyat degradatsiyasiga aylangan ko‘p yillik hal etilmagan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar hamda umumiy turg‘unlik fojiali yanvar voqealariga olib keldi”, — dedi Toqayev jurnalistning Qantar — “qonli yanvar” deb atalgan voqealar haqidagi savoliga javob berar ekan.

Toqayev 2019-yilda prezident etib saylanganidan keyin siyosiy tizimni demokratlashtirish, jamiyat hayotini liberallashtirish va iqtisodiyotni monopoliyadan chiqarishga yo‘naltirganini eslatdi.

“Ochig‘ini aytaman: bu yangi yo‘nalish nufuzli odamlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi, ular buni mamlakatdagi chuqur ildiz otgan vaziyatga va ularning hukumat tuzilmalaridagi imtiyozli maqomiga tahdid deb bildilar. Ular tomonidan islohotlarga yashirin va ko‘pincha ochiq qarshilik asta-sekin kuchayib bordi. Oxir-oqibat, o‘zgarishlarni ortga qaytarish va avvalgi tartibni tiklash uchun radikal choralar ko‘rishga qaror qilishdi”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqori martabali amaldorlardan tashkil topgan ushbu guruh xavfsizlik kuchlari va jinoyatchilarga juda katta ta’sir ko‘rsatgan, shuning uchun hokimiyatni zo‘rlik yo‘li bilan egallash varianti tanlangan. “Davlat to‘ntarishiga urinishda ekstremistlar, jinoyatchilar va diniy radikallar birgalikda ishtirok etgan. Ular fuqarolar o‘rtasida vahima uyg‘otish, davlat institutlarini tartibsizlantirish, konstitutsiyaviy tuzumga putur yetkazish va yakunda hokimiyatni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan edi”, — dedi Toqayev.

Shuningdek, u Qozog‘istonga olib kelingan KXSHT tinchlikparvar kontingenti aksilterror operatsiyasida qatnashmagani va birorta ham o‘q uzmaganini ta’kidladi. “KXSHT kontingenti rostdan ham tinchlikparvar edi va o‘sha fojiali kunlarda sodir bo‘lgan g‘alayonda to‘xtatuvchi rol o‘ynadi. Tashkilotga a’zo davlatlar bilan kelishilgan holda kontingent mamlakatni hech qanday shartlarsiz va muddatidan oldin tark etdi”, — deya qo‘shimcha qildi Toqayev.

Atom elektr stansiyalari qurilishi haqida

Toqayev Qozog‘iston hududida atom elektr stansiyasini qurish masalasiga alohida e’tibor qaratishini va bu vaziyatni “real ehtiyoj va imkoniyatlardan kelib chiqib va, albatta, geosiyosiy holat nuqtai nazaridan emas, balki ilmiy izlanishlar asosida hal etish zarurligini” aytdi.

“Fuqarolar orasida atom elektr stansiyalari qurilishini tanqid qiluvchilar ham bor. Bu tushunarli holat, ko‘pchilik Semipalatinsk yadro poligonidagi sinovlarning fojiali oqibatlarini yaxshi eslaydi. Loyihaning narxi, ekologik jihatlar kabi boshqa murakkab masalalar ham hisobga olinishi kerak. Shu bois, masalaning ahamiyatini tushungan holda, AES qurish masalasini umumxalq referendumiga qo‘yishni taklif qildim”, — dedi Qozog‘iston rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur masala yuzasidan keng jamoatchilik muhokamasi o‘tkaziladi. “Fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish jarayonida mutanosib, puxta o‘ylangan qaror qabul qilish uchun barcha ekspertlarning AES qurilishini oqlovchi va qoralovchi fikrlarini ko‘rib chiqishi va muhokama qilishi kerak. Bu xalqning qarori bo‘ladi”, — deya ta’kidladi Qozog‘iston rahbari.

Shuningdek, u toza atom energetikasi mamlakat uchun juda muhim va Qozog‘iston kelajakdagi iqtisodiyoti uchun “asosiy masala” ekanini ta’kidladi.