30-dekabr kuni tushdan keyin Ukraina armiyasi Rossiya bilan chegaradosh Belgorod shahri markazini o‘qqa tutdi, dedi Belgorod viloyati gubernatori Vyacheslav Gladkov. 31-dekabr tongiga ko‘ra, 22 kishi halok bo‘lgani ma’lum qilindi, 109 kishi jarohatlangan.

“30 ta ko‘p qavatli uy, 381 ta kvartira, bir nechta xususiy uylar, ko‘plab mashinalar zarar ko‘rdi. Bugun tiklash ishlari davom ettiriladi”, — deydi Gladkov.

Rossiya Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, Belgorodga hujum “taqiqlangan kassetali o‘q-dorilarga ega ikkita “Olxa” raketasi, shuningdek, Chexiyada ishlab chiqarilgan “Vampire” yalpi o‘t ochish reaktiv tizimi snaryadlari tomonidan amalga oshirilgan.

Xabarda, shuningdek, havo hujumidan mudofaa tizimlari raketa va snaryalarning katta qismini nishonga olgani, ammo ba’zilarining qoldiqlari “shaharga qulagani” aytiladi. “Shaharga „Olxa“ raketalari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berilgan taqdirda, oqibatlari bemisl darajada og‘irroq bo‘lardi”, deb ta’kidladi Rossiya Mudofaa vazirligi.

BBC rus xizmatining qayd etishicha, Ukraina bilan chegaradan 30 km uzoqlikda joylashgan Belgorodning o‘qqa tutilishi “kamdan-kam uchraydigan hodisa, ammo bunday kuchli hujumlar ilgari hech sodir bo‘lmagan”.

Ukraina rasmiylari shanba kungi zarbani rasman izohlamadi, biroq Ukraina ommaviy axborot vositalari xavfsizlik xizmatlaridagi manbalarga tayanib, hujumni Rossiyaning bir kun avval Ukraina shaharlariga bergan eng yirik havo hujumiga javob deb atadi. Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu hujum qurbonlari soni 39 kishiga yetgan, 150 dan ortiq kishi jarohatlangan.

“Ukrainskaya pravda”ning maxsus xizmatlardagi manbasi Belgoroddagi vayronagarchilik va qurbonlarni Rossiya havo mudofaasining “noprofessional harakatlari” deya izohladi. Nashr suhbatdoshining ta’kidlashicha, mudofaa kuchlari Belgorod viloyatidagi harbiy nishonlarga hujumlar uyushtirgan.

BMT Ukraina va Rossiya shaharlariga qilingan hujumlarni so‘zsiz qoralashini bildirdi. Shanba kuni bo‘ib o‘tgan Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishida BMT bosh kotibi yordamchisi Xolid Xiyari urush “eskalatsiyasi va tarqalishining real xavfi”dan ogohlantirdi.

Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya Ukrainani “tinch shaharga qasddan kombinatsiyalangan zarba berishda” aybladi.

Ukrainaning BMTdagi missiyasi maslahatchisi Sergey Dvornikning aytishicha, Rossiya Ukraina shaharlariga bergan ommaviy zarbasidan so‘ng vayronalar ostidan halok bo‘lganlarning jasadlarini chiqarish davom etmoqda. Bundan tashqari, unga ko‘ra, Rossiya Ukraina hududini o‘qqa tutishni to‘xtatgani yo‘q.

“Urush oqibatida insoniyat azoblanishi va halokatini to‘xtatishning yagona yo‘li bor: urushning o‘zini to‘xtatish”, — deya ta’kidladi Dvornik.