O‘zbekistonda 2023-yilning 11 oyida gaz qazib olish hajmi 42,75 mlrd kub metrni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 9,6 foizga yoki 4,56 mlrd kub metrga kamaydi, “Gazeta.uz” bu bo‘yicha Statistika agentligining sanoat ishlab chiqarishi to‘g‘risidagi hisobotini o‘rgandi.

2022-yilning yanvar-noyabr oylarida oyiga o‘rtacha 4,3 mlrd kub metr gaz qazib olingan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 3,89 mlrd kub metrni tashkil etgan.

Noyabr oyida ishlab chiqarish 3,79 mlrd kub metrgacha pasaydi — bu avvalgi oydagi bilan deyarli bir xil, lekin 2022-yil noyabr oyiga (4,3 mlrd) nisbatan 10,2 foiz yoki 433,8 mln kub metrga kam.

Rasmiylar mahalliy qazib olish taqchilligini Turkmaniston va Rossiyadan gaz import qilish hisobiga qoplamoqda, bu esa O‘zbekistonni gazning sof importyoriga aylantiradi.

11 oy davomida elektr energiyasi ishlab chiqarish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,5 foizga yoki 2,98 mlrd kVt/soatga oshgan — 66,67 mlrd kVt/soatdan 69,66 mlrd kvt/soatga yetgan. Noyabr oyida 6,63 mlrd kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, bu o‘tgan yilning shu oyidagi ko‘rsatkichdan 1,4 foizga kam.

Eslatib o‘tamiz, ishlab chiqarilgan elektr energiyasining taxminan 80−85 foizi gazda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

benzin, gaz, ko‘mir, neft, статистика agentligi

Yanvar-avgust oylarida ko‘mir qazib olish yilning birinchi yarmidagi keskin pasayishdan so‘ng o‘tgan yilgi ko‘rsatkichlardan oshdi. Qazib olish hajmi 3,77 mln tonnaga yetdi (+10,4 foiz), shu jumladan, avgust oyida — so‘nggi yillarda rekord darajada hisoblanadigan 673,7 ming tonna bo‘ldi, bu 2022-yilning avgust oyiga nisbatan 40,2 foizga ko‘p.

11 oy davomida ko‘mir qazib olish 5,73 mln tonnaga oshdi (+19,1 foiz), ammo oldingi choraklarda qazib olish tez ko‘payganidan so‘ng sentabr oyidan (685 ming tonna) pasayish boshlandi. oktabr oyida 657 ming tonna, noyabrda 614 ming tonna ko‘mir qazib olindi. Biroq, shunga ham qaramay, bu o‘tgan yilning oylik ko‘rsatkichlaridan (484 va 432 ming tonna) ancha ko‘p.

Neft qazib olish 721,3 dan 709,3 ming tonnaga kamaydi (-1,7 foiz yoki 12 ming tonna). Ishlab chiqarish ketma-ket to‘rtinchi oy pasaydi — iyuldagi 64,7 ming tonnadan noyabrdagi 60,9 ming tonnagacha. Bu oxirgi ikki yildagi minimal ko‘rsatkich hisoblanadi. Taqqoslash uchun: 2022-yil noyabr oyida neft qazib olish hajmi 65 ming tonnani tashkil etgan.

Bu davrda 1,21 mln tonna avtomobil benzini ishlab chiqarildi, bu 2022-yilning mos davriga nisbatan 8,7 foizga yoki 97,4 ming tonnaga ko‘p hisoblanadi. May oyida Buxoro neftni qayta ishlash zavodida olib borilgan ta’mirlash ishlari tufayli ishlab chiqarish keskin pasayganidan so‘ng iyun oyida 2 barobardan ko‘proq yonilg‘i ishlab chiqarildi — 100,1 ming tonna. Ko‘rsatkich iyulda 133,2 ming tonna, avgustda 108 ming tonna, sentabrda 113,8 ming tonna, oktabrda esa 100,3 ming tonnani tashkil etdi.

Noyabr oyida 109,3 ming tonna benzin ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning noyabr oyiga nisbatan biroz kam hisoblanadi.

Sakkiz oy davomida issiqlik energiyasi ishlab chiqarish 9,1 foizga — 23,3 mln Gkaldan 21,2 mln Gkalga, gaz kondensatida esa 1,17 mln tonnadan 1,09 mln tonnaga (-7 foiz) kamaydi.

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, energetika sohasidagi muammolarga qaramay, sanoat ishlab chiqarishini 6 foizga oshirishga erishilgan.

“Gazeta.uz” avvalroq tabiiy gaz uchun soliq stavkalarining 3 barobar, neft va gaz kondensati uchun 2 barobar kamayishi hisobiga O‘zbekiston davlat budjetiga 2022-yilda yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 538,1 mlrd so‘mga kamroq tushgani haqida yozgandi. Shu bilan birga, o‘tgan yili gaz qazib olish 4 foizga, gaz kondensati bo‘yicha ko‘rsatkich esa 2,8 foizga kamaydi. Neft qazib olish atigi 1,8 foizga oshdi.

Avvalroq O‘zbekiston neft va gaz konlarida qaysi kompaniyalar faoliyat yuritayotgani haqida batafsil ma’lumot bergandik.