Senatning qirq sakkizinchi yalpi majlisida “2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan ilgari tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligining cheklangan miqdori 3,0 foizdan 5,5 foizga o‘zgartirilmoqda.

Shuningdek, yuzaga kelgan qo‘shimcha xarajatlarni qoplash maqsadida qonunda 2023-yil uchun Hukumat nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish бўйича yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollardan 5,5 mlrd AQSh dollarga o‘zgartirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti va Hukumatning ustuvor topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida respublika budjetidan birinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘larning cheklangan miqdorlari qo‘shimcha xarajatlar hisobiga oshirilmoqda.

Xususan, 2023-yil 1-yanvardan yangi tashkil etilgan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlari qo‘shimcha mablag‘ ajratilib, ushbu mablag‘lar bolalarni oziq-ovqat bilan ta’minlashga, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini Finlyandiya tajribasi asosidagi yangi avlod darsliklari bilan ta’minlashga, maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni ortishi hisobiga Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya uchun xarajat qilinishi ko‘zda tutilgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo‘shimcha ravishda mablag‘lar qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi bo‘lgan chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik xo‘jaliklari tomonidan yetishtirilgan va aholiga sotilayotgan mahsulotlar uchun subsidiyalar uchun yo‘naltirilmoqda.

Iqtisodiyot va moliya vazirligining yil boshida tasdiqlangan xarajatlariga qo‘shimcha ravishda mablag‘ ajratilmoqda va ayrim xarajatlarni maxalliy budjetlar, vazirlik va idoralarga qayta yo‘naltirish ko‘zda tutilmoqda.

Xususan, nafaqa oluvchi oilalar soni 2,1 milliondan oshganligi (yil boshida 1,5 mln bo‘lgan) hisobiga ijtimoiy nafaqalar uchun xarajatlarga qo‘shimcha 1 trln 808 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Shu bilan birga davlat ijtimoiy soha obyektlarining issiqlik ta’minoti tizimini davlat-xususiy sheriklik asosida ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tkazish va modernizatsiya qilish bilan bog‘liq xarajatlarga 500 mlrd so‘m ajratilmoqda.

Senatorlar qonunni ma’qulladi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning dastlabki olti oyi yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston konsolidatsiyalashgan budjeti taqchilligi 5,7 foizni tashkil etgandi.

Undan avval prezident qarori loyihasi bilan 2023-yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligining maksimal miqdorini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan 5 foizga yoki 53,4 trillion so‘mgacha oshirish taklif etilgandi. Agar hukumat yana xarajatlar chegarasiga amal qilmasa, bu davlat xarajatlarining 1,8 mlrd dollarga oshishiga olib keladi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov avvalroq taqchillikning oshishi gaz importi yuqorilashi bilan bog‘liqligini ta’kidlagandi.

2022-yilda hukumat davlat budjeti defitsiti yalpi ichki mahsulotning 3 foizi miqdoridan oshmasligi kerakligi bo‘yicha chegarani ushlab turolmagan, shu sababli parlament xarajatlarni 2 mlrd dollarga oshirishni va YAIMning 4 foizigacha bo‘lgan chegarani tasdiqladi. Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmuratov davlat xarajatlarining o‘sishi hisobiga inflyatsiya darajasi prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada shakllanayotganini, shu sababli fiskal konsolidatsiyaning roli oshib borayotganini (xarajat va daromadlarni optimallashtirish) ta’kidlagandi.