O‘zbekistonning sobiq qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov iqtisodiy jinoyatlarni sodir etganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” manbasi xabar berdi.

Unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilib, hibsga olingan.

Boshqa bir manbaga ko‘ra, oktabr oyi oxirida u ishdan bo‘shatilganidan so‘ng Hisob palatasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida tekshiruv o‘tkazgan.

Voitov 2022-yil avgustidan 2023-yil oktabriga qadar qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan (uning o‘rnini Ibrohim Abdurahmonov egalladi). Bungacha, 2020-yilning mart oyidan boshlab u o‘sha paytda bosh vazir o‘rinbosari, Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi rahbari bo‘lgan Sardor Umurzakov davrida vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlagan.

Umurzakov Prezident administratsiyasi rahbari lavozimidan bo‘shatilishi ortidan u bilan birga ishlagan ko‘plab rahbarlar o‘z lavozimlarini tark eta boshladi. Ular orasida Sunnatilla Bekenov, Furqat Rahimov, Olimxon Rustamov, Oybek Hamrayev va boshqalar bor.