Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida reydlar davomida jinoiy faoliyatda gumon qilinayotgan shaxslarning qo‘lga olinishi haqida gapirdi.

IIBB vakilining so‘zlariga ko‘ra, u avgust oyida o‘z lavozimiga kirishgach, “uzoq vaqtdan beri tayyorgarlik ko‘rilgan” jinoiy guruh vakillarini qo‘lga olish bo‘yicha yig‘ma jildlar bilan tanishishgan.

“Bu ishlar ancha avval, mendan oldin boshlangan… Faqat ularni ushlashimiz shu kunlarga to‘g‘ri keldi. Nega ularni 27-noyabrda qo‘lga olyapmiz? Albatta, reydlarni o‘tkazish masalasi o‘sha kuni hal bo‘lib qolmadi, bir hafta ichida muhokama qilindi. Hisobotlar kelyapti, biz hech kim javobgarlikdan qochib qutula olmasligini ko‘rsatamiz, chunki bizda yetarli dalillar bor”, — dedi u.

Doniyor Toshxo‘jayev, shuningdek, hibsga olinganlarning xatti-harakatlariga yakuniy bahoni tergov va sud berishini aytdi hamda ulardan jabrlangan fuqarolarni “qo‘rqmaslikka” chaqirdi.

“Biz fuqarolarimizga, xalqimizga murojaat qilib, qo‘rqmanglar, demoqchimiz. Albatta, ularning arizalarisiz ham ushlanganlarni javobgarlikka tortish uchun bizda yetarlicha dalillar bor. Lekin ularning qilmishlaridan jabr ko‘rganlar bizga murojaat qilsa yaxshi bo‘lardi”, — dedi u.

Jabrlanganlardan 71−206−45−69, 71−206−49−46 yoki 102 yoki 99−370−73−94 Telegram raqami orqali boshqarmaga murojaat qilishlari so‘ralgan. Ariza beruvchining shaxsiy ma’lumotlarining maxfiyligi kafolatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, jinoiy faoliyatda gumon qilingan shaxslarning hibsga olingani haqidagi ilk xabarlar 27−28-noyabr kunlari e’lon qilina boshlandi.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlangan. Unga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini tanlangan. Jinoyat ishining ayblovi o‘zgartirilib, yanada og‘irroq jazo nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Toshkentda avval ham “kriminal avtoritet” sifatida qamalgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olingan.

Ushlanganlar haqida qo‘shimcha ma’lumotlarni quyida o‘xshash xabarlar orqali o‘qish mumkin.