Toshkentda huquq-tartibot idoralari “Salimboy” laqabi bilan tanilgan tadbirkor Salim Abduvaliyevga nisbatan qo‘llanilgan qamoqqa olish chorasini o‘zgartirdi. Bu haqda 12-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma’lum qildi, deb xabar beradi “Gazeta.uz” muxbiri.

“Tezkor tadbirlar davomida ushbu shaxs qonunga xilof ravishda qurol saqlayotgani haqida ma’lumot oldik. Shu asosida tintuv o‘tkazdik va haqiqatan ham uyda noqonuniy qurol saqlanganini aniqladik. O‘rnatilgan tartibda hujjatlarni tergovga taqdim etdik. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda”, — dedi u.

Jinoyat ishining qurol-yarog‘ saqlash moddasi boshqa qismga o‘zgartirilib, yanada og‘irroq jazo nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, Salim Abduvaliyevga nisbatan Jinoyat kodeksining 248-moddasi 2-qismi (O‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilishi) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxs 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Hibsga olingandan so‘ng Jinoyat kodeksining 248-moddasi 1-qismi (50 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilingandi.

Qo‘lga olingan shaxs qamoqqa olingan, ya’ni unga nisbatan avvalroq ma’lum qilinmagan ehtiyot chorasi tanlangan.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston bo‘ylab huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Bundan tashqari, Toshkentda avval ham “kriminal avtoritet” sifatida qamalgan Abbosxon Xodjayev qo‘lga olindi.