Toshkent shahar IIBB tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor harakatlari davomida jinoyat sodir etganlikda gumonlangan yana bir nechta shaxslar ushlandi, deya xabar bermoqda boshqarma matbuot xizmati.

Xususan, quyidagi shaxslarga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llandi:

  • 1991-yilda tug‘ilgan Abdullayev Axror Ravshan o‘g‘li (Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi, juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini o‘tkazish);
  • 1984-yilda tug‘ilgan Maxmudxodjayev Saidaxmadxon Saidalimovich (Jinoyat kodeksi 276-moddasi 2-qismi, ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini saqlash);
  • 1993-yilda tug‘ilgan Xolmurodov Sunnatilla Choriyevich (Jinoyat kodeksi 104-moddasi, og‘ir tan jarohati yetkazish).

Shuningdek, 1982-yilda tug‘ilgan Xodjayev Abbosxon Axmadovich (Jinoyat kodeksi 165-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan tovlamachilik) jinoyat ishi doirasida gumon qilinuvchi sifatida jalb etilib, protsessual tartibda ushlandi. U 2017-yil sentabrida “jinoiy guruh tashkil etgani va avtoritet maqomini qo‘lga kiritish uchun harakatlarni amalga oshirgani” uchun qo‘lga olingan, 2018-yil iyunida ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Bundan tashqari quyidagilar ham protsessual tartibda ushlandi:

  • 1987-yilda tug‘ilgan Muxamedjanov Azlarxon Botirovich (Jinoyat kodeksi 165-modda 2-qismi, bir guruh shaxslar tomonidan tovlamachilik);
  • 1984-yilda tug‘ilgan Rustamov Umid Kamanjanovich (Jinoyat kodeksi 273-moddasi 5-qismi, juda ko‘p miqdorda giyohvandlik vositalarini o‘tkazish).

Hozirda tergov davom etmoqda, deyiladi xabarda.

Fuqarolardan ushbu shaxslardan yoki guruh a’zolaridan jabr ko‘rganlar bo‘lsa yoki ushbu shaxslarning jinoiy xatti-harakatlari bo‘yicha ma’lumotlarga ega bo‘lsalar, Toshkent shahar IIBBning 71 206 45 69, 71 206 49 46 yoki 102 raqamlariga yoxud 99 370 73 94 Telegram raqamiga murojaat qilishlari so‘raldi.

Avval xabar qilinganidek, Toshkent shahrida huquq-tartibot idoralari tomonidan “ko‘cha bollari” va jinoiy guruhlarni aniqlash va qo‘lga olish bo‘yicha keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda. Tezkor chora-tadbirlar poytaxtda jinoyatchilik bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilashga qaratilgan.

O‘tgan haftada Toshkent shahar IIBB xodimlari “Saidaziz medgorodok” laqabi bilan mashhur Saidaziz Saydaliyevni qo‘lga olgan. Boshqarma ma’lumotlariga ko‘ra, u va yana bir necha kishi tovlamachilik ishi bo‘yicha gumonlanuvchi sifatida hibsga olingan. Ma’lum qilinishicha, ular pul evaziga odamlarni qarzini undirib bergan.

3-dekabr kuni O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari xodimlari “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayev va u bilan yaqin jinoiy aloqasi bo‘lgani qayd etilgan Doston Xalilov ushlandi.

Shuningdek, “Salimboy” va “Salimboyvachcha” nomlari bilan tanilgan 73 yoshli tadbirkor Salim Abduvaliyev protsessual tartibda ushlandi.