“Yangi Toshkent” loyihasini hisobga olgan holda Toshkent shahrining bosh rejasini ishlab chiqish uchun poytaxt mahalliy budjetidan 40 milliard so‘m (3,25 million dollar) ajratiladi. Xalq deputatlari shahar kengashi deputatlari 4-dekabrda ushbu moliyalashtirishni tasdiqladi.

Qaror prezidentning o‘tgan yil 17−18-oktabr kunlari respublika ahamiyatiga molik ayrim obyektlarning istiqbolli loyihalari va qurilishi taqdimotidagi topshirig‘iga oid 73-bayonni inobatga olgan holda qabul qilingan. O‘shanda Shavkat Mirziyoyevga “ToshkentboshplanLITI” korxonasida Toshkent shahrining 2045-yilgacha bo‘lgan bosh rejasi loyihasi taqdim etilgan. “Gazeta.uz” mazkur loyihani atroflicha o‘rganib chiqqan.

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqovning joriy yil 10-iyuldagi qarorida hokimlik va “ToshkentboshplanLITI” DUK o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzilgani, unga ko‘ra birinchi bosqichda mahalliy budjetning qo‘shimcha manbalari hisobidan 40 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan.

“Yangi Toshkent”ning bosh rejasini inobatga olgan holda, loyihaoldi hujjatlarini ishlab chiqish va xorijiy loyiha kompaniyalarini tanlash bo‘yicha tender tashkil etish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 20-iyul kuni Vazirlar Mahkamasi huzurida “Yangi Toshkent” shahar qurilishi direksiyasi tashkil etilgan bo‘lib, unga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Davronjon Odilov direktor bo‘lgan. Bundan tashqari, bosh vazir Abdulla Aripov (Toshkent hokimi Shavkat Umurzoqov — rais o‘rinbosari) boshchiligidagi 24 nafar mansabdor shaxsdan iborat Yangi Toshkent qurilishi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgan.

Kengash vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar, xo‘jalik birlashmalari, banklar va direksiyalarning ishini muvofiqlashtiradi va vazifalarini belgilaydi, investorlarning loyiha takliflarini ko‘rib chiqadi va Yangi Toshkent bosh rejasini tasdiqlaydi hamda unga o‘zgartirishlar kiritadi, shuningdek yer uchastkalarini bosqichma-bosqich o‘zlashtirish masalalarini ko‘rib chiqadi va kim oshdi savdosiga qo‘yiladigan yer uchastkalarining dastlabki qiymatini belgilaydi.

Shuningdek, organ to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar tuzish orqali loyiha-pudrat tashkilotlari va boshqa mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Prezident “Mahalla” xayriya jamoat fondiga 1-sentabrga qadar 50 million dollar ekvivalentidagi beg‘araz mablag‘ni Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda “Mahalla” jamg‘armasi hisobida to‘plangan homiylik mablag‘lari hisobidan direksiya faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun ajratishga topshiriq bergan. Jamg‘arma nodavlat notijorat tashkiloti bo‘lib, uning asosiy maqsadi fuqarolar yig‘inlari va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishdan iborat.

sentabr oyida Shavkat Mirziyoyev Britaniyaning Cross Works kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan Toshkent va “Yangi Toshkent” qo‘shma loyihasini ma’qullagan.

Yangi Toshkent haqida

“Ushbu ulkan loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda”, — deya xabar bergandi prezident matbuot xizmati.

Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi.

420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Yangi Toshkentda “eski” Toshkentga ulanadigan yagona tramvay va metro tarmog‘i qurilishi rejalashtirilayotganini ham yozgan edik.