28-noyabr kuni tongda Toshkent shahrining “Kosmonavtlar” metro bekati yaqinidagi hududlar tutun bilan qoplangani aks etgan video terqaldi.

“Toshkent metropoliteni”ning xabar qilishicha, tutunga “Kosmonavtlar” metro bekati yaqinida joylashgan Toshkent elektr tarmoqlariga tegishli elektr kabellardagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Bu holat mas’ullar tomonidan tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida bartaraf etilgan.

Ta’kidlanishicha, yuzaga kelgan ushbu holat metropoliten faoliyatiga ta’sir qilgani yo‘q. Metropolitenning “Kosmonavtlar” bekatida barcha qurilmalar normal holatda ishlamoqda.

“Hududiy elektr tarmoqlari” ma’lum qilishicha, 110/35/10 kVli “Sayilgoh” podstansiyasidan chiquvchi 35 kV kuchlanishli kabel tarmog‘i shikastlangan.

Vujudga kelgan holat bartaraf etilgunga qadar iste’molchilar to‘liq boshqa tarmoqqa o‘tkazilgan. Shuningdek, “XET” elektr energiyasi ta’minotidan uzilishlar yo‘qligi qayd etdi.

Biroq hududdagi ayrim uylar aholisi “Gazeta.uz”ga elektr ta’minoti o‘chgani va hali tiklanmaganini ma’lum qildi.