Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-may holatiga O‘zbekistonning rasmiy zaxira aktivlari aprel oyida 918 mln dollarga oshgan holda 35,1 mlrd dollarni (+2,7 foiz) tashkil etdi. Bu 2023-yilning aprel oyidan beri maksimal ko‘rsatkich (35,2 mlrd dollar).

Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan oyda valyuta zaxiralari 238,6 mln dollarga qisqarib, 8,02 mlrd dollarni tashkil etgan. Yil boshidan buyon valyuta zaxiralari 1,35 mlrd dollarga kamaydi (jumladan, mamlakatning 2019-yilda chiqarilgan 500 mln dollarlik suveren yevrobondlari bo‘yicha qarzni to‘lash hisobiga).

Oltin narxining o‘sishi davom etayotgani fonida Markaziy bankdagi oltin zaxiralari qiymati 1,16 mlrd dollarga oshib, 26,53 mlrd dollarni tashkil etdi. Zaxiradagi oltinning fizik hajmi biroz — 0,04 mln troy unsiyaga (1,24 tonna), ya’ni 11,46 mln troy unsiyagacha (356,45 tonna) kamaydi. Bu 2022-yil may oyidan beri eng past ko‘rsatkich (11,42 mln).

valyuta, valyuta zaxiralari, заҳиралар, марказий bank, oltin, статистика

Aprel oyida oltin kotirovkalari bir unsiya uchun 2257 dollardan 2311 dollargacha (+2,4 foiz) ko‘tarildi va tarixiy eng yuqori darajaga chiqishda davom etmoqda. Masalan, 19-aprel kuni narx 2400 dollardan oshdi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil yakuni bo‘yicha mamlakatning “moliyaviy yostiqchasi” 1,2 mlrd dollarga kamayib, 34,56 mlrd dollarni tashkil qildi. Yil yakuniga ko‘ra zaxiralarning qisqarishi 2018-yildan beri birinchi marta ro‘y berdi. Oltinning fizik hajmi yil davomida deyarli 25 tonnaga kamaydi.