Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Mudofaa vazirligining Markaziy harbiy klinik gospitaliga borib, urush qatnashchilari holidan xabar oldi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

“Hamma harakatlarimiz xalqimizni rozi qilish uchun. Islohotlar natijasi eng quyiga, har bir xonadonga kirib borishini istaymiz. Rejalarimiz ham katta. Hamma jipslashsa, birgalikda harakat qilsa, o‘ylagan niyatlarimizga tezroq yetishamiz. Sizdek nuroniylarning duolari bunda bizga madadkor bo‘ladi. Sizlarning hayotingiz iroda, jasorat maktabi, gaplaringiz yoshlarga ibrat”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2022-yilda mazkur muassasa yangitdan ta’mirlanib, binolar qurilgan. Gospital jami 700 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari, soha faxriylari bepul davolanadi. Buning uchun 286 xil diagnostik tekshiruv, 600 dan ortiq amaliyotlar yo‘lga qo‘yilgan, 30 ga yaqin ixtisoslashgan bo‘limlar tashkil etilgan.

Bundan oldinroq Shavkat Mirziyoyev G‘alaba bog‘iga tashrif buyurib, “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ygandi. Unga, shuningdek, Vatan himoyasi yo‘lida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan majmua loyihasi taqdimot qilingan.