Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi.

Ta’kidlanishicha mobil qurilmalar hamda ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi akkaunt yoki kanallarga zararli dastur yuborish yo‘li bilan bloklab (to‘sib) qo‘yish, ma’lumotlarini o‘chirib yuborish, o‘zgartirish yoki olib qo‘yish bilan qo‘rqitib shaxslardan pul yoki boshqa moddiy manfaatdorlik talab qilish holatlari kuzatilmoqda.

Shuningdek, maxsus dasturlar yordamida shaxslarning fotosurati, ovozi va boshqa biometrik ma’lumotlarini soxtalashtirish holatlari ham uchramoqda.

Shu bois, Jinoyat kodeksidagi (165-modda) tovlamachilik tushunchasiga o‘zgartirish kiritilib, sharmanda qiladigan uydirmalar bilan bog‘liq huquqbuzarlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.

Bunda Jinoyat kodeksining 165-moddasi birinchi qismiga “mulkka shikast yetkazish yoki uni nobud qilish yoxud” degan so‘zlardan keyin “jabrlanuvchining axborot resursini yo‘q qilish, o‘zgartirish, olib qo‘yish yoki to‘sib qo‘yish yoxud uni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatish bilan qo‘rqitib” degan so‘zlar bilan to‘ldirilmoqda. Eslatib o‘tamiz, ushbu modda bilan aybdor deb topilgan shaxslar uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bundan tashqari, xorijdan olib kelinayotgan yoki bloklangan uyali aloqa qurilmalariga ma’lum bir haq evaziga o‘zgalarning IMEI kodlarini ko‘chirib berish holatlari ko‘payib borayotgani ta’kidlandi.

Hozirda birgina IMEI kodida 5011 ta, yana boshqa bir IMEI kodida esa 2347 ta SIM-kartalar bir vaqtda faol holatdaligi aniqlangan. Qonunchilikda bunday harakatlarni sodir etgan shaxslarga nisbatan biron-bir huquqiy ta’sir chorasini qo‘llash belgilanmagan.

Shu sababli qonunchilikdagi mazkur bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga mobil qurilmaning xalqaro o‘ziga xos identifikatsiya kodini yoki abonent qurilmasining identifikatsiyalash modulini qonunga xilof ravishda o‘zgartirganlik uchun ma’muriy javobgarlik kiritilmoqda.

Shu bilan birga Jinoyat hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarda kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzganlik hamda mayning faoliyatini qonunga xilof ravishda amalga oshirganlik uchun tegishli javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish (155−4-modda) ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanib, qonunga xilof ravishda kripto-aktivlarni olish, o‘tkazish yoki ayirboshlash, belgilangan tartibda litsenziya olmasdan kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmat provayderlari faoliyatini amalga oshirganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, mazkur harakatlar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan taqdirda Jinoyat kodeksiga kiritilayotgan 278−8-moddasibirinchi qismi bilan jinoiy javobgarlik belgilanmoqda.

Shu bilan birga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida mayning faoliyatini belgilangan tartibni buzgan holda amalga oshirishhamda anonim kripto-aktivlar mayningi faoliyati bilan shug‘ullanib (155−5-modda), belgilangan tartibni buzgan holda ancha va ko‘p miqdorda (BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha) mayning faoliyatini amalga oshirish ma’muriy huquqbuzarlik sifatida belgilanmoqda.

Noqonuniy kripto-aktivlar aylanmasi va mayningi bilan shug‘ullanganlar ushbu jinoyat haqida o‘z ixtiyori bilan arz qilgan va uni fosh etishda yordam bergan hollarda jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi senatorlar tomonidan qayd etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

“Insonning shaxsiy hayoti daxlsizligi bu — konstitutsiyaviy kafolat. Hech kim, hech qanaqasiga uni buzishga haqli emas. Bugun Senatda ma’qullangan qonun normalari bu turdagi huquqbuzarliklarning oldini olishga va ularga qarshi samarali ta’sir choralari qo‘llanilishiga qaratilgan”, — dedi Senat raisi Tanzila Narbayeva.