YUNESKO Bosh konferensiyasining 2025-yilda bo‘lib o‘tadigan 43-sessiyasi o‘tkaziladigan joy sifatida Samarqand tanlandi. Bu haqda 22-noyabr kuni Parijda konferensiyaning 42-sessiyasi raisi Simona-Mirela Mikulesku ma’lum qildi.

Tadbir 1985-yildan beri birinchi marta tashkilot bosh qarorgohi joylashgan Parijdan tashqarida o‘tkaziladi. Konferensiya 1985-yilda Bolgariya poytaxti Sofiyada o‘tkazilgandi.

sentabr oyi boshida prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva O‘zbekiston YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini Samarqandda o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qilgan edi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston bo‘lajak sessiyani yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun barcha kuchini safarbar etishini bildirdi.

“Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi nomidan va shaxsan o‘z nomimdan barcha xorijiy do‘stlarimiz va sheriklarimizga YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasini 2025-yilda qadim Samarqandda o‘tkazish to‘g‘risidagi tarixiy qarorni qo‘llab-quvvatlagani uchun samimiy minnatdorlik bildiraman”, — dedi u.

“Mintaqamizda birinchi marta o‘tadigan ushbu muhim global miqyosdagi tadbir xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston va Markaziy Osiyo davlatlarining ulkan sivilizatsion salohiyatini yana bir bor namoyish etishga xizmat qiladi, deb ishonaman”, — dedi davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yilda YUNESKOga a’zo davlatlardan hech biri Bosh konferensiyani o‘zining 42-sessiyasini o‘tkazishga taklif qilmagani bois Parijdagi shtab-kvartirasi o‘tkaziladigan joy sifatida tanlangan. Bundan oldingi konferensiyalar ham takliflar yo‘qligi sababli Fransiya poytaxtida o‘tkazilgan edi. (41-sessiya, 39, 38, 37, 36, 35, 34).