Toshkentda Bunyodkor shohko‘chasi va 2-Qatortol ko‘chasi chorrahasida — shahar bojxona boshqarmasi va Singapur menejmentni rivojlantirish instituti ro‘parasida “zamonaviy” yo‘l o‘tkazgich qurish taklif qilinmoqda. Bu Chilonzor tumanini Xitoy tajribasi asosida, shu jumladan, yangi yondashuvlar, innovatsion va “yashil” texnologiyalar hamda boshqaruvda zamonaviy usullarini qo‘llagan holda kambag‘allikdan chiqarish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasida nazarda tutilgan.

Maqsadi “muntazam yuzaga keladigan tirbandliklarni bartaraf etish” deya ta’kidlangan mazkur taklif prezidentning 3-iyuldagi qarorida ham aks ettirilgandi. Loyihani 2024−2025-yillarda respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirish taklif etilmoqda.

Foto: Yandeks.XaritaFoto: Yandeks.Xarita

Shavkat Mirziyoyev avvalroq shaharda 12 ta yangi yo‘l o‘tkazgich qurilishini ma’lum qilgandi.

Ekspert Ilya Petushkov “Gazeta.uz” uchun yozgan maqolasida ko‘p pog‘onali chorrahalar qurilishi ko‘cha hayoti konsepsiyasiga mos kelmasligi va shahar muhitining sifati, hududdagi faollik va uning hayotga to‘laligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Shuningdek, “Gazeta.uz” shu kungacha qurilgan yo‘l o‘tkazgichlar misolida ular qanchalik ko‘p joy egallashi va qanday qilib shahar muhitini yomonlashtirishini ko‘rsatib bergan.

E’tiborli tomoni, yil boshida Toshkent shahri hokimligi tomonidan shahar transport infratuzilmasini yaxshilash va transport harakatini boshqarishning raqamli tizimini joriy etish to‘g‘risidagi prezident qarori loyihasi e’lon qilingandi.

Hujjatda (u keyinchalik qabul qilinmagan) ta’kidlanishicha, shahar ichidagi yo‘l o‘tkazgichlar ortib borayotgan tirbandlikni yengishga yordam bermaydi. So‘zma-so‘z iqtibos keltiramiz: “shahar ichida quriladigan barcha yo‘l o‘tkazgichlar keyingi chorrahalarda transport oqimini keskin oshib ketishi va tirbandliklarni yuzaga keltirishga sabab bo‘lmoqda”. Yo‘l o‘tkazgichlar qurish faqat shaharlarga kirish joylarida va yo‘llarning temiryo‘l bilan kesishgan joylaridagina maqsadga muvofiq hisoblanadi. Bu haqda transport vaziri Ilhom Mahkamov “Gazeta.uz” bilan suhbatda gapirib o‘tgandi.