O‘zbekiston ombudsmani Feruza Eshmatova matbuot xizmati BMT saytida e’lon qilingan xabarga munosabat bildirdi. Unda tashkilot mustaqil ekspertlari O‘zbekiston ozchiliklar huquqlari himoyachilarini ta’qib qilishni to‘xtatishi kerakligini ta’kidlab, avvalroq 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan huquq faoli Dauletmurat Tajimuratovning ahvolidan chuqur xavotir bildirishgan.

“Huquq himoyachisi Urganch shahridagi 11-sonli tergov izolyatori xodimlari tomonidan jismoniy va ruhiy bosimga uchragan. Uning sochi zo‘rlik bilan qirqilgan. Tergov izolyatori xodimlari boshqa mahkumlarni uni qo‘rqitish va haqorat qilishga majburlagan. Uning sog‘lig‘i jiddiy tashvish uyg‘otmoqda”, — dedi ekspertlar.

Ekspertlarning qayd etishicha, davlatlar “o‘zboshimchalik bilan hibsdan saqlanish, so‘z erkinligi va uyushmalar erkinligini kafolatlash, hech qanday kamsitishlarsiz mahbuslarning qadr-qimmatini ta’minlash majburiyatiga ega”.

Maxsus ma’ruzachilar 2023-yil avgust oyida ushbu ish yuzasidan O‘zbekiston hukumatiga maktub jo‘natgan, ammo hozircha javob olmaganini ma’lum qildi.

Ombudsman matbuot xizmati 2022-yil 15-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Kengashlarining qo‘shma qarori bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida yuz bergan holat yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha komissiya tuzilganini eslatib o‘tdi. Ombudsman, deputatlar, mahalliy va xalqaro nodavlat notijorat tashkilotlaridan iborat Komissiya a’zolari 16-iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘zining mustaqil o‘rganishlarini boshlagan.

Komissiya a’zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasiga tashrif buyurib, u yerda saqlanayotgan shaxslar sharoitlarini o‘rgangan va Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashishgan.

“Uchrashuvda D.Tajimuratov unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagani, ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlar bo‘yicha hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirgan. Shuningdek, Tajimuratov advokat bilan ta’minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila a’zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganligini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini ma’lum qilgan”, — deyiladi xabarda.

Dauletmurat Tajimuratov sud majlisida. Foto: “Gazeta.uz”Dauletmurat Tajimuratov sud majlisida. Foto: “Gazeta.uz”Ombudsman va uning huzuridagi jamoatchilik guruhi vakillari Dauletmurat Tajimuratov bilan 2023-yilning 6-may kuni u Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 1-son tergov hibsxonasida saqlanganida va 9-sentabr kuni Navoiy viloyatidagi 11-son jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan paytida ham uchrashgan.

“D.Tajimuratov sud-tergov jarayonlarida va jazo muddatini o‘tash chog‘ida o‘ziga nisbatan qiynoq yoki tazyiq o‘tkazish holatlari qo‘llanilmaganligini, faqatgina o‘ziga nisbatan chiqarilgan sud hukmidan norozi ekanligini ma’lum qilgan”, — deyiladi ombudsman xabarida.

Eslatib o‘tamiz, sud jarayonlarida Dauletmurat Tajimuratov bir necha bor qiynoqlar qo‘llanilganini ma’lum qilgan edi. Bosh prokuratura sud so‘rovidan so‘ng tekshirish o‘tkazdi va sudlanuvchining tanasida qiynoqlar yoki jarohat izlari yo‘qligini, uning ahvoli yuzasidan tergov izolyatori ma’muriyatiga murojaat qilmaganini bildirdi.

Dauletmurat Tajimuratov 2022-yil iyulida Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan voqealar yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoiy ish bo‘yicha 16 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Yanvar oyida birinchi instansiya sudi uni bir qator ayblovlar, jumladan, hokimiyatni egallab olish uchun til biriktirish va ommaviy tartibsizliklar uyushtirishda aybdor deb topdi. Apellyatsiya sudi iyun boshida hukmni o‘z kuchida qoldirdi. Tajimuratovning advokati Sergey Mayorov apellyatsiya sudi qarorini “adolatsiz” va “noqonuniy” deb atadi.