2023-yil yakuni bo‘yicha O‘zbekiston davlat budjetining aksiz solig‘i bo‘yicha tushumlari belgilangan prognoz ko‘rsatkichlariga nisbatan 1,5 trln so‘m kam bo‘lishi yoki 91,7 foizga bajarilib, haqiqatda ijrosi 16,4 trln so‘m bo‘lishi kutilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2024−2026-yillarga mo‘ljallangan budjetnomada ma’lumot berilgan.

Aksiz solig‘i bo‘yicha davlat budjeti tushumlari o‘tgan yilgi daromadlarga nisbatan 2,9 trln so‘mga yoki 21,8 foizga ko‘payishi, lekin yil boshidagi prognozga nisbatan 1,5 trln so‘m kam bo‘lishi kutilmoqda.

Vazirlik buni ikkita omil bilan izohlagan:

  • yil boshida havo haroratining keskin sovib ketishi natijasida avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchalarining faoliyati vaqtincha to‘xtatilganligi;
  • AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanilishi.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yil 13-yanvar kuni “O‘ztransgaz” kompaniyasi aholi, ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar va qozonxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlash maqsadida har qanday ulgurji iste’molchilarga, xususan, AGTKSHlar va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi korxonalarga gaz ta’minoti to‘xtatilganini ma’lum qilgandi. AGTKSHlar faoliyati 2-fevralga kelib bosqichma-bosqich tiklana boshlagan.

AI-80 benzini uchun aksiz solig‘i “nol” stavkada qo‘llanilishi esa prezidentning 12-dekabr kungi qarorida nazarda tutilgandi. Hujjat bilan 2022-yil 10-dekabrdan 2023-yil 1-martgacha import qilinadigan, mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladigan va tadbirkorlik subyektlari tomonidan yakuniy iste’molchilarga sotiladigan AI-80 rusumli avtobenzin mahsuloti uchun, istisno tariqasida, aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llashga ruxsat berilgan. O‘shanda bu orqali AI-80 benzinining chakana narxlarini joriy narxlarga nisbatan o‘rtacha 8,7 foizga pasayishi kutilayotgani hamda aholi va tadbirkorlar ixtiyorida 213,7 mlrd so‘m qolishi (ya’ni davlat budjeti shuncha tushumdan mahrum bo‘lishi) kutilayotgani qayd etilgan.

Aksiz solig‘i vaqtincha bekor qilinishi natijasida 13-dekabrdan boshlab “O‘zbekneftgaz”ga qarashli UNG Petro yoqilg‘i quyish shoxobchalarida Ai-80 benzini narxi 1100 so‘mga (6800 so‘mdan 5700 so‘mgacha) arzonlashgandi.

28-fevral kuni prezident qarori bilan AI-80 benzini uchun aksiz solig‘ini “nol” stavkada qo‘llash muddati 2023-yil 31-dekabrga qadar uzaytirildi. Bugungi kunga kelib UNG Petro AYOQSHlarida ushbu toifadagi benzin narxi 6050 so‘mni tashkil etmoqda.

AI-80 benzini uchun uzun navbatlar

AI-80 benziniga aksiz solig‘i vaqtincha bekor qilinganidan shu kungacha AYOQSHlar oldida bu turdagi benzinga navbatlar yuzaga keldi. Xususan, 4-fevral kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekistondagi avtomobillarga benzin quyish shoxobchalarida yuzaga kelgan uzun navbatlar sun’iy taqchillik va ortib borayotgan talabni qondirish uchun ishlab chiqarish quvvatlarining yetishmasligi bilan bog‘liq ekani haqida bayonot berdi.