oktabr oyida “Toshshahartransxizmat” kompaniyasiga qarashli avtobuslarda 25 mln 39 mingtadan ortiq tashuvlar amalga oshirildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘tgan oy bilan solishtirganda, tashishlar soni 2 mln 50 ming nafarga ortgan. Bundan tashqari, oktabrda yo‘nalishga chiqarilgan avtobuslar soni 46 898 ta (sentabrga qaraganda 9599 taga ko‘p)ni tashkil etgan.

O‘tgan yilning ayni ikki oyida hozirgidan ancha kam yo‘lovchi avtobusdan foydalangandi. Xususan, yo‘lovchilar sentabrda — 11,6 mln ga yaqin, oktabrda — 13,650 mln marta avtobuslarda tashilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning bahorida Toshkentga yangi katta va o‘ta katta sig‘imli avtobuslar hamda elektrobuslar xarid qilinganidan so‘ng jamoat transportidagi yo‘lovchilar soni ortdi.

Qolaversa, yangi avtobus yo‘nalishi va eng tig‘iz vaqtlarda ishlovchi uchta vaqtinchalik ekspress yo‘nalish tashkil etildi.