O‘zbekiston va AQSh hukumatlari 2021-yil avgustida Afg‘onistondan ushbu mamlakat uchuvchilari tomonidan O‘zbekiston hududiga olib o‘tilgan samolyot va vertolyotlarning kelajagiga doir muzokaralarni hamon davom ettirmoqda. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchisi Jonatan Xenik 18-oktabr kuni “Gazeta.uz” muxbiriga ma’lum qildi.

Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Afg‘onistondagi 20 yillik harbiy kampaniya davomida afg‘on hukumatini ko‘plab samolyot va vertolyotlar taqdim etgan. “Tolibon” Kobulni egallagan kunlarda bortida jami 585 nafar afg‘onistonlik harbiy xizmatchi bo‘lgan 22 ta harbiy samolyot va 24 ta vertolyot (Embraer EMB 314 Super Tucano, UH-60 Black Hawk, MD-530, PC-12 va Mi-17) O‘zbekiston havo hududini noqonuniy kesib o‘tgan.

“Biz O‘zbekiston hukumati bilan samolyotlarning yakuniy joylashuvi bo‘yicha ishlashni davom ettirmoqdamiz. Bu haqda e’lon beramiz”, — deydi elchi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, harbiy aviatexnikalar hamon Surxondaryo viloyatida qolmoqda.

17-oktabr kuni Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov “Gazeta.uz” muxbiriga holat bo‘yicha izoh berolmasligini, bu ma’lumotni harbiylardan so‘rash kerakligini aytgandi.

2022-yilning sentabr oyida Amerikaning Politico nashri AQSh rasmiylari “chegaralar xavfsizligi va terrorizmga qarshi kurash sohasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish”ga doir norasmiy kelishuv evaziga o‘z havo kemalarining bir qismini O‘zbekiston va Tojikistonga taqdim etishi mumkinligi haqida yozgandi.

Afg‘oniston muvaqqat hukumati havo kemalari Afg‘onistonning mulki ekani va ular qaytarilishi lozimligi haqida bir necha bor bayonot bergan. O‘zbekiston rasmiylari samolyot va vertolyotlar AQSh mulki ekanini va ularni qaytarib bo‘lmasligini bildirgan. O‘shanda elchi aviatexnikalar masalasi “hukumatlar o‘rtasidagi muhokama mavzusi bo‘lib qolayotgani”ni ta’kidlagandi.

Pentagon rasmiy vakili Jon Kirbi ham O‘zbekiston va Tojikiston aviatexnikalarni Afg‘onistonga qaytarmasligini aytgan.