Tahlillar so‘ngi yillarda bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonliklar soni oshib borayotganligi, mavjud huquqiy mexanizmlar zo‘ravonliklarni oldini olish hamda jabrlanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda yetarli samarasini bermayotganligini ko‘rsatmoqda.

Bu haqda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga biriktirilgan hujjatda qayd etilgan.

Jumladan, 2021-yilda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilib, tergov qilingan jami jinoyat ishlari soni 1831 tani tashkil qilgan bo‘lsa, mazkur ko‘rsatkich 2022-yilga kelib 2194 taga yetgan.

“Bolalarning jinsiy erkinligiga qarshi 2021-yilda 334 ta va 2022-yilda 395 ta jinoyat ishlari tergov qilingan bo‘lib, ushbu turdagi jinoyatlar voyaga yetmaganlarga nisbatan jami sodir etilgan jinoyatlarning o‘rtacha 18 foizni tashkil qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Oxirgi 3 yilda 2072 nafar shaxs sudlar tomonidan ota-onalik huquqidan mahrum qilingan, shundan 1777 nafari yoki 86 foizi ota-onalik majburiyatlarini bajarishdan bosh tortganligi uchun bo‘lsa, 23 nafari ota-onalik huquqini suiiste’mol qilganligi, bolalarga nisbatan shafqatsiz muomalada bo‘lganligi, kuch ishlatganligi yoki ruhiy ta’sir ko‘rsatganligi sababli, deyiladi hujjatda.

Bugungi kunda 1,5 mingdan ortiq bolalar mehribonlik uylari, “Muruvvat” uylari, bolalar uylari va tutingan oilalarda tarbiya olishmoqda. Bola huquqlari bo‘yicha xalqaro standartlar va talablarga ko‘ra ushbu bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etish xavfi yuqori hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, qonun loyihasiga takliflarni yuborish 27-oktabrgacha davom etadi.

Avvalroq, Prezident huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shaxnoza Mirziyoyeva O‘O‘zbekistonda 2023-yilning to‘qqiz oyida 1240 ta voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan bo‘lsa, shundan 417 tasi jinsiy zo‘ravonlik ekanligini ma’lum qilgandi. U shuningdek, aslida rasmiy statistika vaziyatni obyektiv baholashga yordam bermasligi, “haqiqat bundan ham battar”ligini qayd etgandi.

Bosh prokuratura katta prokurori Laylo Fayzimurodova esa nafaqat zo‘ravonlik qurboni, balki voqeaga guvoh bo‘lgan va ruhiy jabrlangan bolalar bilan ham ishlash kerakligini ta’kidlagandi.