13-oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonning Bishkek shahrida o‘tayotgan MDH sammitida ishtirok etish uchun yetib bordi. Uni aeroportda Qirg‘iziston Prezident administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi. Sammit doirasida Mirziyoyev Belarus Respublikasi rahbari Aleksandr Lukashenko bilan ham uchrashdi.

Unda ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Yetakchilar O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali aloqalar jadal rivojlanib borayotganini qayd etdi, deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Davlat rahbarlari savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan choralarni ko‘rish, jumladan, Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi, Hududlar forumi hamda O‘zbekiston va Belarus yetakchi oliy ta’lim muassasalari rektorlarining uchrashuvini tashkil etish muhimligini qayd etdi.

MDH va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi. Bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgani ma’lum qilindi.