Davlat xavfsizlik xizmati va huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirlarda ikkita hududda yer maydonlarining noqonuniy sotish holatlariga chek qo‘yildi.

Andijon viloyati Shahrixon tumanida yashovchi 43 yoshli shaxs fuqaroga kadastr tizimidagi tanishlari orqali 8 sotix noturar yer maydonini turar joy toifasiga o‘zgartirib, uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. Evaziga 28 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Oltinko‘l tumanida esa paxta va g‘alla yetishtirishga ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari boshqa bir fermer xo‘jalik balansida bo‘lgan 50 sotix yer maydonini o‘ziga tegishli ekanini aytib, uni xaridorga 117 500 dollarga sotishga kelishgan. Oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.

Qoraqalpog‘istonning Qo‘ng‘irot tumanida yashovchi 64 yoshli shaxs fuqaroga davlat zaxirasida bo‘lgan 25 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. Buning uchun 85 mln so‘m olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.