Oliy Majlis Qonunchilik palatasi seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Surayyo Rahmonovani bola huquqlari bo‘yicha vakil (bolalar ombudsmani) lavozimiga sayladi. Bu haqdagi qaror tasdiqlash uchun Senatga yuborildi.

Huquqshunos Surayyo Rahmonova bunga qadar Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari, so‘ng Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Davlat organlari axborot xizmatlari faoliyatini tashkil etish bo‘limi boshlig‘i, shuningdek, Senatda ishlagan.

Surayyo Rahmonova (1978-yilda tug‘ilgan) 2000-yilda Toshkent davlat yuridik universiteti bakalavriatini, 2002-yilda magistraturasini tamomlagan. Dotsent (2015), yuridik fanlar doktori (2018).

Jinoyat-protsessual huquqi kafedrasida o‘qituvchi va katta o‘qituvchi (2013−2014), kafedra dotsenti v.b. (2014−2015), Toshkent davlat yuridik universiteti Huquqiy tadqiqotlar markazi mudiri (2015−2017), markaz katta ilmiy xodimi (2017−2018), Bosh prokuraturaning Oliy o‘quv kurslari kafedrasi o‘qituvchisi lavozimlarida ishlagan.

2020-yil fevral oyidan boshlab Aliya Yunusova bolalar ombudsmani lavozimida ishlab kelayotgandi. sentabr oyining o‘rtalarida u bu lavozimni tark etishini e’lon qilgan.