5-oktabr kuni TikTok PTE LTD (Cingapur) O‘zbekistonda qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tdi, deb xabar bermoqda Soliq qo‘mitasi.

Endilikda xizmatlar uchun to‘lov 12 foiz QQSni o‘z ichiga oladi.

2021-yil iyul oyidan boshlab TikTok ijtimoiy tarmog‘i “Shaxsiy ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni buzgani uchun Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestriga kiritilgan. O‘sha paytda Twitter, “VKontakte” va WeChat ham ro‘yxatda bo‘lgan, ammo 2022-yilning avgustida ular chiqarib tashlangan va faqat TikTok qolgan.

2022-yil mart oyida axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti Teo Bertram bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgan va “O‘zbekistonda platformadan foydalanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablarini bajarish masalalari ham muhokama qilingan”. Vazir kompaniyaga mamlakatda o‘z vakolatxonasini ochishni taklif qilgan.

O‘zbekiston fuqarolari ma’lumotlariga ishlov beruvchi ko‘plab boshqa resurslarga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmadi. 2021-yil noyabr oyi boshida reyestrga Telegram, YouTube, Instagram, Facebook, Odnoklassniki va mamlakatda juda mashhur bo‘lgan boshqa saytlar kiritilgandi. Biroq bu jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgach, bir necha soat ichida ularga kirish qayta tiklandi. Buning ortidan “O‘zkomnazorat” rahbari, AKT vaziri va bosh vazirning axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi iste’foga chiqdi.

Madaniyat vazirligi 2021-yilda TikTok Fest konserti yuzasidan munosabat bildirib, u yoshlar ongi va dunyoqarashiga salbiy ta’sir qiladi, deb hisoblashini ma’lum qilgan. Sobiq adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Toshkentning sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev TikTok va boshqa ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishiga qarshi fikr bildirgandi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar-noyabr oylarida qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 40 ta xorijiy korxona tomonidan 44,8 milliard so‘m soliq to‘langan. Yanvar-aprel oylarida esa bu ko‘rsatkich 42 ta korxona tomonidan 32,4 mlrd so‘mni tashkil qilgan.