Payshanba kuni O‘zbekistonning shimoli-g‘arbiy hududlariga Kavkaz hududlaridan nam havo massalari kirib keldi, juma kuni esa nam havo massalari respublikaning barcha hududlariga tarqalmoqda. Bu haqda O‘zgidromet xizmati agentligi xabar berdi.

6-oktabr kuni kunduzi va 7-oktabrga o‘tar kechasi hududning katta qismida bulutli ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, ayrim joylarda shamol tezligi 13−18 m/s gacha kuchayadi. Havo harorati kechagi kunga nisbatan 6−8 darajaga past bo‘lib, +18…+23 darajani tashkil etadi.

Shanba kuni kunduzi nam havo massasi O‘zbekiston hududidan chekina boshlaydi va respublika bo‘yicha yana yog‘ingarchiliksiz ob-havo kuzatiladi, faqat ertalabki soatlarda markaziy va sharqiy viloyatlarning ayrim joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Yakshanba kuni esa O‘zbekistonning barcha hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi.

Dam olish kunlari havo harorati asta-sekin ko‘tariladi va yakshanba kuni +22…+27 darajani tashkil etadi. Kechasi va ertalab salqin bo‘lishi kuzatiladi, havo harorati +9…+14 daraja atrofida bo‘ladi.

Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 6−8-oktabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 6−7-oktabrda ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Baland tog‘li hududlarda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor.

Poytaxtda havo o‘zgarib turadi, 6−7-oktabrda kechasi vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 7-oktabrda ertalab biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, kunduzi yog‘ingarchilik kutimaydi. 8-oktabrda yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5−10 m/s tezlikda esadi. Harorat asosan kechalari +11…+14 daraja, kunduzi 6-oktabrda +21…+23 daraja, 7−8-oktabrda +23…+26 daraja bo‘ladi.