O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berish oktabr oyida boshlanadi. Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Valday” xalqaro munozara klubi yig‘ilishida ma’lum qildi, deb uning so‘zlarini keltirmoqda Kreml matbuot xizmati.

“Biz bu borada birgalikda ish olib bordik. Qozog‘istonlik do‘stlarimiz quvur tizimining o‘zlariga tegishli qismini tiklash rejasini amalga oshirdi, O‘zbekiston hududida ham shunday bo‘ldi. „Gazprom“ esa buni Rossiya Federatsiyasi hududida amalga oshirishi kerak edi, ba’zi texnik imkoniyatlarni qayta sozlash ishlari shular jumlasidandir. Chunki, yana bir bor takror aytaman, gaz sovet davrida bir yo‘nalishda berilgan bo‘lsa, endi uni boshqa yo‘nalishda berish kerak”, — dedi Vladimir Putin.

Uning ta’kidlashicha, gaz ta’minoti loyihasi amalga oshiriladi, “texnik jihatdan bu allaqachon amalga oshirilgan”.

“Joriy yilning oktabr oyida to‘liq yetkazib berish ishlari kichik hajmlarda boshlab turiladi, biroq bu Qozog‘iston iqtisodiyoti uchun ham, O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun ham juda muhim. Yiliga uch milliard kubometr yetkazib beramiz, keyin esa ko‘paytirishimiz mumkin”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, iyun oyida O‘zbekiston hukumati va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi o‘rtasida Rossiya gazini mamlakatga yetkazib berish bo‘yicha kelishuv, shuningdek, yonilg‘ini qabul qilish va tashish uchun gaz tashish tizimini tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolangan edi.

Keyinroq O‘zbekiston Energetika vazirligi “Gazprom” bilan shartnoma ikki yilga tuzilgani, yetkazib berish hajmi kuniga 9 million kub metr, yillik hajmi qariyb 2,8 milliard kub metr bo‘lishini ma’lum qilgan.

Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga Rossiya gazi tranzit orqali yetkazib berish oktabr boshida boshlanishi kutilgan edi, biroq 4-oktabr kuni Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev Qozog‘iston Rossiya gazini O‘zbekistonga shu oy oxiridan boshlab yuborishini ma’lum qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Qozog‘iston hududida gazni hisobga olish uchun alohida liniya ajratilgan holda ta’mirlash ishlari yakunlanayotgani va tranzitni ta’minlash imkoniyati bilan bog‘liq ishga tushirish ishlari olib borilayotgani bilan bog‘liq.