Ijtimoiy tarmoqlarda Sergeli tumanida ro‘y bergan portlash tufayli aholi uylariga yetkazilgan zararning davlat hisobidan qoplab berilayotgani turli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov bunga javoban davlat hisobidan ishlatilgan pullar aybdorlardan undirib olinishini ma’lum qildi.

Fuqarolik va jinoyat qonunchiligi bo‘yicha xususiy tadbirkorning noqonuniy harakatlari oqibatida boshqa shaxslarga yetkazilgan zararni davlat emas, balki aybli harakat sodir qilgan tadbirkorning o‘zi qoplab berishi kerak.

Bekzod Hidoyatovning yozishicha, protsessual qonunchilikka ko‘ra, sodir bo‘lgan yong‘in oqibatida yetkazilgan zarar bo‘yicha aybdorlarni aniqlash va ularning harakatlariga huquqiy baho berish hamda zarar qoplash bo‘yicha tergov harakatlari va sud jarayoni ko‘p vaqt talab etadi.

Bugungi kunda holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ana shu jihatlarni inobatga olib, yong‘in oqibatida xonadonlariga talofat yetgan fuqarolarni sovuq tushmasdan tezroq uylariga kiritish bo‘yicha hukumat oldiga qat’iy topshiriq qo‘yganlar va uning ijrosini shaxsan o‘zlari doimiy nazorat qilib turibdilar. Bundan tashqari, Konstitutsiyamizning 23-moddasida davlat o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi belgilangan”, — deya qayd etdi bosh vazir matbuot kotibi.

Uning ta’kidlashicha, tergov va sud jarayonlari yakuniga yetguniga qadar ta’mirlashga kerak bo‘ladigan mablag‘lar zaxira jamg‘armasidan ishlatib turilibdi.

“Shuni alohida qayd etmoqchiman, tergov va sud ishlari yakuniga yetgach, ta’mirlash uchun zaxiradan ishlatilgan pullar tiyin-tiyinigacha aybdorlardan sud orqali undirib olinadi”, — deydi Bekzod Hidoyatov.

Hozircha portlash oqibatida yetgan zarar miqdori e’lon qilinmadi.

Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqovning ma’lum qilishicha, Sergeli tumanidagi portlash oqibatida 592 ta xonadon, 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta bog‘cha binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgan.

Sergelidagi portlash

2023-yilning 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv. metr maydonda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in sabab omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 8 soat davomida o‘chirgan. FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Portlash zarba to‘lqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko‘p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan. 163 nafar fuqaro jarohatlangan.

Portlashda 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Holat bo‘yicha IIV Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (Yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Prezident topshirig‘iga ko‘ra, bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligida hukumat komissiyasi tuzildi. Hukumat komissiyasiga uch kun muddatda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash sabablarini o‘rganish, talafotlarni bartaraf etish hamda fuqarolarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish vazifasi topshirildi.