Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan hukumat komissiyasi raisi o‘rinbosari — Toshkent shahar hokimi v.b. Shavkat Umurzoqov hodisa oqibatida 592 ta xonadonga zarar yetganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uydagi 592 ta xonadon hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetgani aniqlandi.

Shuningdek, hududdagi 24 ta ko‘p qavatli uy va 25 ta hovlining fasad, oyna-rom va tom qismi zarar ko‘rgan. Qisqa muddatda turar joylar tiklanadi, deyiladi xabarda.

Poytaxt hokimligi, shuningdek, jabrlangan aholining muammolarini tezkor bartaraf etish maqsadida 1205 qisqa raqamli ishonch telefoni tashkil etilganini eslatib o‘tdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni 8 soat davomida o‘chirgan. FVV va boshqa tegishli tashkilotlardan jami 210 ta texnika va 2000 dan ortiq shaxsiy tarkib jalb qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning 28-sentabr kuni soat 02:43 da Toshkent shahri Sergeli tumani Xonobod ko‘chasi 3-uy manzilida joylashgan Inter Logistics MCHJga qarashli 18,4 gektar yer maydonda joylashgan omborxonada taxminan 10 000 kv. metr maydonda yong‘in kelib chiqqan. Yong‘in sabab omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi.

Portlash zarba to‘lqini natijasida omborxona atrofida joylashgan bir nechta ko‘p qavatli uylarga, binolarga hamda transport vositalariga shikast yetgan. 163 nafar fuqaro jarohatlangan.

Portlashda 2006-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan fuqaro olgan jarohati oqibatida vafot etgani ma’lum bo‘ldi.

Ma’lumot uchun, bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasiga uch kun muddatda Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi omborxonada sodir bo‘lgan portlash sabablarini o‘rganish, talafotlarni bartaraf etish hamda fuqarolarga tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish vazifasi topshirilgan. “Gazeta.uz” komissiyaga qanday vazifalar yuklangani haqida batafsil yozgandi.