O‘zbekiston o‘zining savdo hamkorlarini diversifikatsiya qilish ustida ishlamoqda, chunki hozirgi geosiyosiy vaziyat faqat bir davlatga tayanib bo‘lmasligini ko‘rsatmoqda. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev sentabr oyi o‘rtalarida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi doirasida Bloomberg`ga bergan intervyusida gapirib o‘tdi.

2030-yilga borib O‘zbekiston o‘z iqtisodiyoti hajmini ikki barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini 160 mlrd dollarga yetkazmoqchi. Buning uchun mamlakat AQSh, Rossiya va Xitoy manfaatlari o‘rtasida muvozanatni saqlashi kerak, bu esa bugungi kunda borgan sari tarqoqlashib borayotgan global iqtisodiyot muhitida oson ish emas, deb yozadi nashr.

“Bugungi geosiyosiy vaziyat shuni ko‘rsatmoqdaki, faqat bitta davlatga tayanib bo‘lmaydi, chunki bu ishonchli emas. Barcha davlatlar diversifikatsiyaga intilmoqda”, — deydi bosh vazir o‘rinbosari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy hamkorlaridan biri bo‘lib, mamlakatning qayta tiklanadigan energiya manbalari va “yashil” energiyadan foydalanishga o‘tishida yordam bermoqda. “Ularda yaxshi texnologiyalar, yirik kompaniyalar bor va ular biz bilan ishlashni xohlaydi”, deydi bosh vazir o‘rinbosari.

Qayta tiklanadigan energiya manbalaridan tashqari Xitoy infratuzilmani rivojlantirishda ham O‘zbekistonga faol yordam bermoqda va bu ish davom etadi, deydi Xodjayev.

Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston AQShdan ham investitsiya jalb qilishni istaydi, ayniqsa, Amerika kompaniyalari ustunlikka ega bo‘lgan rivojlanayotgan yuqori texnologiyalar sektoriga.

Ayni vaqtda Rossiya O‘zbekistonning eng yirik savdo sheriklaridan biri bo‘lib qolmoqda. Moskva bilan tarixiy aloqalar bu munosabatlarni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘zbekiston aholisining ko‘pchiligi Rossiyaga ishlash uchun boradi va uyiga, oilasiga pul jo‘natadi.

Xodjayev bu aloqalarni “yaxshi imkoniyat” deb atagan, chunki o‘zbeklarning ko‘pchiligi rus tilida gaplasha oladi. Shuningdek, u O‘zbekiston Yevropaning boshqa mamlakatlari bilan mehnat bozorini diversifikatsiya qilish bo‘yicha ish olib borayotganini ta’kidlagan.

“Bizda bozor iqtisodiyoti amalda va barcha investorlarimizga bir xil sharoitlar yaratishga harakat qilamiz. Qachonki eng yaxshi variantingiz bo‘lsa, siz uni tanlaysiz”, — deydi u.

Bosh vazir o‘rinbosari, shuningdek, O‘zbekiston boshqa mamlakatlardan energetika va oziq-ovqat kabi “iqtisodiyotning nozik tarmoqlariga” qilinayotgan investitsiyalarni diversifikatsiya qilishga harakat qilayotganini, biroq infratuzilma kabi boshqa sohalarda mas’ullar “ular odamlar uchun nimani eng yaxshi deb bilsa, o‘shani” qilayotganini ta’kidladi.

“Biz kimga qayerga investitsiya qilishni o‘rgatadigan darajada boy emasmiz”, — deya qo‘shimcha qildi Jamshid Xodjayev.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Furqat Sidiqov mamlakat AQSh Moliya vazirligi bilan hamkorlikda AQSh va Yevropadan Rossiyaga sanksiya ostidagi tovarlar tranzitining oldini olish bo‘yicha ish olib borayotganini aytdi.

Avvalroq tashqi savdo ma’lumotlariga tayanib xabar berganimizdek, so‘nggi yetti oyda tovar ayirboshlashning sekinlashuvi ortidan Rossiya O‘zbekistonning asosiy savdo sherigi maqomini yo‘qotmoqda. Xitoy O‘zbekiston bozoriga yetkazib berish hajmini keskin oshirib, yana birinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. O‘zbekistonning YeOII va MDHga bog‘liqligi pasayib, Yevropa Ittifoqi davlatlari bilan savdo aloqalari kengaydi.