Toshkentdagi sobiq Akfa universitetining 2 yil tayyorlov kursini bitirgan talabalari hech qanday sabablarisiz oliygohdan chetlatildi. Ular na darsga, na muassasa hududiga kiritilmoqda. Mas’ullardan javob ololmagan ota-onalar “Gazeta.uz"ga murojaat qildi. Holatni o‘rganish maqsadida “Gazeta.uz” oliygohga keldi va ota-onalar bilan suhbatlashdi.

Avvalroq Central Asian University (sobiq Akfa)ning amaldagi va sobiq rahbarlari bayonotini hamda bir-biriga qo‘ygan ayblovlarni e’lon qilgandik. Ularning mojarosi oqibatida talabalar va ularning ota-onalari jabr ko‘rmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, avgustda 2-kurs talabalari ro‘yxati qatorida ularning ham ism, familiyasi chiqqan. Oliygohdagi 1 haftalik o‘qishdan keyin ogohlantirishlarsiz o‘qishdan haydalishgan. Ular 2 yillik kursga sarflangan 40 mln so‘m, qolaversa, universitetning 2-kursi uchun to‘lagan kontrakt pullari havoga uchgani, eng muhimi — 2 yil umri zoye ketganidan xavotirda.

“Akfa universiteti haqida internetda reklama ko‘rib qoldik. Bu yerga kelib, ma’lumot oldik, ularning aytishicha, maktabning 10−11-sinf paytida o‘qib, bitirganimizning so‘ng universitetning 2-bosqichiga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘lishimizni aytishdi. O‘rtada universitetimiz rebrending bo‘lganidan keyin muammolar boshlandi. Yaqin kunlarda Part-time dasturida o‘qiganimiz noqonuniy bo‘lganini aytib qolishdi. Juma kuni kelganimizda bizni kirgizishmadi, Face-ID`larimizni olib qo‘yishdi. Bilsak, haydalganlar ro‘yxatida ekanmiz. 'Podkurs' paytida ham yiliga 20 mln so‘mdan 40 mln so‘m to‘laganmiz, o‘qish boshlanganda ham jami 42 mln so‘m kontrakt pulining yarmiini to‘laganmiz”, — dedi talabalardan biri Abdulloh Abdullayev.

“Bizni ishontirishgan. Hamma ota-ona shunga ishongan. Bunaqa bo‘lishini bilganimizda hech qim o‘qitmas edi. Hozir yilidan ham, pulidan ham yutqizyapmiz”, — dedi talabalardan birining onasi.

“Farzandlarimizga ikkinchi bosqichga qabul qilindingiz, degan xabar kelgan. Shundan keyin kontrakt pulini to‘laganmiz. Buni tan olishmayapti, qayerga borsanglar, o‘zinglar bilasizlar, deyishdi. Oldingi rahbar qo‘l qo‘ygan hamma hujjatlarni yangisi tan olmayapti. Qizig‘i, qishqi smesterda ham, o‘qish boshlanganda ham buni bilishmagan. Nahotki, o‘tgan yili rektor bo‘lib turib, shu paytgacha xabari bo‘lmasa? Odamlarni bunday aldash kerak emas”, — dedi ulardan yana biri.

Talabalardan birining aytishicha, yangi rahbariyat, talabalar va ularning ota-onasi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda Kamron G‘ulomov “yoqmasa, bolalaringni o‘qitmanglar, bu yil 1500 nafar bola qabul qilingan, bu yildan tibbiyot yo‘nalishi uchun kontrakt 100 mln so‘m bo‘ladi”, deya ota-onalarning ko‘plab savollarini javobsiz qoldirgan holda majlisni tark etgan.

“Shunday bo‘lgandan keyin xususiy universitetlarga ishonch qolmadi. Pulni oldi, o‘qitdi lekin shartnomadagi va’dasida turmasa. Shuncha yil o‘qidik, universitet shaharda emas, sovuq kunlarda ham qatnab o‘qidik. Bizga bergan va’dalarini oqlay olishmadi…Bu yerda yangi va eski rahbariyat o‘rtasidagi nizoga biz jabrdiyda bo‘lib qoldik. 3 yil umrimni yo‘qotdim. Bunga kim, qanday qilib javob beradi?”, — dedi talabalar.

Vaziyatga xolis yondashish maqsadida “Gazeta.uz” oliygoh mas’ullaridan izoh olishga harakat qildi. Biroq ular savollarga javob berishni istamadi.