Surxondaryo viloyatida qariyb 13 mlrd so‘mlik sigaretning noqonuniy olib kirilishiga chek qo‘yildi, deya xabar qildi viloyat bojxona boshqarmasi matbuot xizmati.

Bojxona xodimlari tomonidan “Boldir” temir yo‘l chegara bojxona postiga Turkmanistondan kirib kelgan temir yo‘l poyezdi vagonlaridan birida bojxona nazorati o‘tkazildi.

Natijada, ushbu vagonda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilmagan, aksiz markalari mavjud bo‘lmagan va bojxona nazoratidan yashirilgan umumiy qiymati 12 mlrd 771 mln so‘mlik 851 460 quti Yesse Change nomli sigaret mahsulotlari borligi aniqlandi.

Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda 37,5 mlrd so‘mlik 1,61 mln quti — butun o‘tgan yildagidan ko‘p sigaret musodara qilingan.