Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar yo‘llardagi radarlar masalasini muhokama qildi. Ularning fikricha, haydovchilarga tezlikni qayd etuvchi qurilmalar yo‘lning qaysi qismida o‘rnatilganini oldindan bilish imkoniyati yaratilishi kerak. Jamoat faollari esa ularning gaplarini populistik deb atadi.

Majlisda deputatlar bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovga “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasiga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar holati to‘g‘risida” Qonunchilik palatasining parlament so‘rovini yuborish haqidagi masalasini ko‘rib chiqdi.

Dastlab Spiker o‘rinbosari Alisher Qodirov haydovchilarning huquqlarini ta’minlash nuqtai nazaridan ayrim xatoliklarga yo‘l qo‘yishayotganini tan oldi.

Uning ta’kidlashicha, mashinalar tezligini cheklashdan maqsad haydovchilarni jarimaga tortish emas. Asl maqsad fuqarolar xavfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Shu sababli, zamonaviy texnologiyalar orqali mashinalar tezligi cheklanadi va yo‘llarning ma’lum qismlarida tezlik nazoratga olinadi.

“Masalan, maktablar oldida tezlik soatiga 30−40 kilometr darajasida cheklangani bolalarimiz xavfsizligi uchun qilingan. Lekin tadbirkorlarga berilgan radar moslamalaridan katta yo‘llarda, trassalarda, tezlik soatiga 60 yoki 100 kilometr darajasida chegaralangan joylarda noto‘g‘ri foydalanish holatlari uchramoqda va bu jamoatchilik e’tiroziga sabab bo‘lmoqda”, — dedi “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi.

Uning aytishicha, hozirda yo‘lda haydovchilar qoidani buzishi uchun sun’iy ravishda sharoit yaratilayotgani ham kuzatilyapti.

“Bugun masalan 2, 3-martta ketma-ket jarimaga tushgandan keyin, haydovchi uchun yo‘l juda og‘ir muammoga aylanmoqda. Jarimalarning juda ko‘p miqdori tadbirkorlarga berilgan radarlar orqali undirilayotganini ko‘ryapmiz. Yo‘lda haydovchilar qoidani buzishi uchun sun’iy ravishda sharoit yaratilayotganini ham ko‘ryapmiz. Masalan yo‘lda cheklangan tezlik 60 bo‘lgan joydan 100 bo‘lgan joyga o‘tish oralig‘ida radar turib, 70 tezlik uchun jarima yozmoqda. Bu qoidabuzarlik yo‘lning aynan qaysi qismida yuzaga kelayotganini aniqlash uchun texnik imkoniyatlar yo‘q. Bu holatda tadbirkor haq bo‘ladi va haydovchi jarima to‘lashga majbur bo‘ladi”, — deydi Alisher Qodirov.

камера, нuриддин исмоилов, radar, хuшнuдбек хuдойбердиев, qonunчилик palatasi

U parlament so‘rovida aynan shu masala aks etishini istashini ta’kidladi.

“Bugun tadbirkorlar bilan haydovchilar o‘rtasida sichqon-mushuk o‘yini bo‘layotganini ko‘ryapmiz. Yo‘lda huddi quyonni ovlagandek haydovchilarni jarimaga majburlashyapti va o‘ylaymanki, bu odamlarning haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda. Tadbirkorlarni aynan shu ishga jalb qilib to‘g‘ri qildikmi? Bu narsa o‘zini oqladimi yoki yo‘qmi? Agar oqlamagan bo‘lsa bu bo‘yicha qaror qabul qilishimiz va haydovchilarni sun’iy muammolardan ozod qilishimiz to‘g‘ri bo‘ladi”, — dedi Alisher Qodirov.

Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov esa bunga javoban tadbirkorlarni jalb qilish to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lgani haqidagi savolga Ramatov emas, jamiyat, deputatlarning o‘zi javob berishi kerakligini qayd etdi.

“O‘zi qoida qanday bo‘lishi kerak? Haydovchi yo‘nalishga chiqqanda radar borligini qo‘lidagi smartfon orqali bilib turishi kerak. Shunda biz haydovchining huquq va erkinligini ta’minlagan bo‘lamiz. Bir joyga berkitib qo‘yilgan yoki mashinalar ichiga qo‘yilgan kameralar to‘g‘ri kelmaydi. Haydovchi buni ham bilishi kerak. Mayli, mashina ichida bo‘lsa ham qo‘yishsin, lekin haydovchiga buni ham aytish kerak. Falon joyda radar bor degan belgi albatta bo‘lishi kerak. Bo‘lmasa u ma’muriy huquqbuzarlik bo‘yicha jarimaga tortilishi noto‘g‘ri”, — dedi spiker.

U, shuningdek, parlament so‘rovida bu masalalarga atroflicha javob olgandan so‘ng, bu bo‘yicha kerak bo‘lsa tegishli qonunni ishlab chiqish kerakligini qo‘shimcha qildi.

Muhokamalardan keyin parlament so‘rovini bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatovga yuborish deputatlar tomonidan ma’qullandi va tegishli qaror qabul qilindi.

камера, нuриддин исмоилов, radar, хuшнuдбек хuдойбердиев, qonunчилик palatasi

Jamoatchilik munosabati

Qonunchilik palatasida bu muhokama blogerlar tomonidan tanqid qilindi. Xususan, Davletovuz Telegram kanali asoschisi Qobil Hidirov deputatlar buning o‘rniga yo‘llarda o‘limlar sonini kamaytirish haqida o‘ylashi kerakligini ta’kidladi.

“Parlamentimizning kattalari balki yo‘llarda o‘limni kamaytirish bo‘yicha hukumatga so‘rov kiritar? Yo‘l infratuzilmasini yaxshilash haqida qayg‘urish kerakdir? Halok bo‘layotgan piyodalar haqida o‘ylash kerakdir? Yo‘q, bularning esi-dardi radar, haydovchilarga qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish. Uyalishsa bo‘lardi”, — deb yozgan u.

Huquqshunos Xushnudbek Hudoyberdiyev ham deputatlar aslida yo‘llardagi o‘lim sonini kamaytirish haqida ko‘proq o‘ylashi kerakligi haqida yozdi.

Haqiqiy va tirik deputatlar aslida yo‘llardagi o‘lim sonini kamaytirish haqida ko‘proq o‘ylashi kerak. Nima uchun haligacha jarima balli tizim ishga tushmayotgani, nima uchun haligacha ashaddiy qoidabuzarlar haydovchilik huquqidan mahrum qilinmayotgani, nima uchun haligacha „prava“ sotishga chek qo‘yilmayotgani, nima uchun yo‘llarda odam o‘ldirgan haydovchilarga yengil jazo berilayotgani, nima uchun haligacha yo‘llarimiz abgorligi haqida savol va talab qo‘yishi kerak aslida”, — degan u.

Shuningdek, huquqshunos deputatlarning bu muhokamasi populistik gaplardan iborat ekanini ta’kidlagan.

“Bular esa tezliksevar “terroristlar”ning g‘amini yeyishni istaydi. Faqat radar bor joydagina sekin yurib, boshqa joyda “uchadigan” qoidabuzarlarga yoqadigan populistik gaplarni gapiradi. Ularga yoqmoqchi bo‘ladi. Chunki jamiyatimizda radardan “jabr” ko‘rgan tezliksevarlar millionta, ular bu gaplarga qarsak chaladi (lekin sekin yursa jarima kelmasligi haqida o‘ylamaydi). O‘lganlardan esa foyda yo‘q, ular deputatlarni maqtay olmaydi”, — deb yozgan bloger.

Foto: Jizzax viloyati IIBFoto: Jizzax viloyati IIB

Bundan tashqari, u aynan shu parlament bir paytlar ruxsatsiz tonirovka o‘rnatganlik uchun yo‘l-harakatiga oid O‘zbekistondagi eng og‘ir jazoni berish haqidagi qonunni qabul qilgani va ma’qullaganini eslatgan.

“Masalan, orqa yon oynaga ruxsatsiz tonirovka o‘rnatish qizil chiroqda o‘tishdan og‘irroq, mast holda rulga o‘tirganlik bilan bir xil edi (hozir orqa yon oynaga ruxsat shartmas, old yon oynaga ruxsat va to‘lov qilish kerak). Bu ahmoqona qonun haligacha kuchda turibdi”, — deydi Xushnudbek Hudoyberdiyev.

Uning bu postiga bir oz vaqt o‘tib Alisher Qodirov o‘zining Telegram kanalida javob qaytardi.

“Biz tezlik emas, tartib tarafdori bo‘layapmiz bloger do‘stlarim, xulosa qilayotganda tezlikni oshirmang! Hamma qoidaga rioya qilsin! Tezlikni o‘lchash moslamalari belgilangan joyda, belgilangan tartibda tursin va ishlatilsin, qoidadan maqsad tezlikni cheklash, pul topish emas!”, — deb yozgan Alisher Qodirov.

U radarchi tadbirkorlarga “advokatlik qilmaslikni” so‘ragan.

“Tadbirkor tezyurar pullik yo‘llar qursin, yo‘l chetida yo‘lovchilarga qulaylik yaratib xizmat ko‘rsatsin, daromad qilsin, baraka topsin, boy bo‘lsin! Odamlarimizni ko‘pida sudda haqini tortishishga sabri va bilimi yetmaydi, qarz bo‘lsa ham ezilib jarima to‘laydi, lekin davlatdan norozi bo‘ladi! Radarchi tadbirkorlarga advokatlik qilib odamlarni chalg‘itish, mavzuni avtohalokatlar, fojialar bilan “o‘rash”ga harakat qilmang, bu mavzuni vaqtida rosa ishlaganmiz va qonunchilikni ko‘p o‘zgartirganmiz”, — deydi “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari.

“Sizni nima yoki kim bunchalar to‘lqinlantirib yubordi? 500 metr avval ogohlantirish belgisi qo‘yilgan radarni ortida temir tirgak turadimi, akalaringiz turadimi, nima farqi bor, tursa bo‘ldida, tezlik cheklanadi! Yoki farqi bormi?”, — deb qo‘shimcha qilgan u.