O‘zbekistondagi bir qancha konlardan gaz qazib oluvchi Rossiyaning Lukoil Uzbekistan Supply and Trading kompaniyasi yilning birinchi yarmida mahsulot taqsimlash bitimi (MTB) doirasida O‘zbekistonga 103,1 million dollar to‘lagan. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining (IMV) budjet ijrosi to‘g‘risidagi hisobotida aytiladi.

Bu summa milliy valyutaga — 1,21 trillion so‘mga konvertatsiya qilindi va davlat budjetiga o‘tkazildi, deb ta’kidladi IMV (Avvalroq davlat budjeti taqchilligi 27,4 trillion so‘mga yetganini yozgan edik).

2004-yilda O‘zbekiston hukumati “Lukoyl” bilan Qandim-Xauzak-Shodi (35 yil muddatga, 2014-yilda yana 7 yilga — 2046-yilgacha uzaytirilgan) va Janubi-G‘arbiy Hisor (2007-yilda kuchga kirgan va 36 yilga mo‘ljallangan) loyihalari bo‘yicha MTB imzoladi. To‘lovlar qaysi MTB bo‘yicha amalga oshirilgani ko‘rsatilmagan.

Boshqa bunday shartnomalar bo‘yicha to‘lovlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar oshkor etilmagan. Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi bilan Shaxpaxti (2004-yildan — 15 yilga, 2018-yilda 5 yilga uzaytirilgan) va Jel (2018-yilda 25 yilga imzolangan) bo‘yicha MTB shartnomasi imzolangan.

2017-yil aprel oyida Surxondaryo viloyatidagi “Mustaqillikning 25 yilligi” (M25) koni bo‘yicha yana bir MTB shartnomasi imzolangan. U gaz-kimyo majmuasi qurilishi bilan 35 yil muddatga tuzilgan. Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov ushbu loyiha bo‘yicha geologik qidiruv ishlari kamida sakkiz yil davom etishini ta’kidladi.

Mahsulot taqsimlash bitimi — bu shartnoma turi bo‘lib, unga ko‘ra xorijiy investor qazib olinayotgan mahsulotning bir qismini o‘zi uchun saqlab qolgan holda foydali qazilmalarni qazib olish huquqini oladi, boshqa qismi davlatga topshiriladi. MTB har bir tomon ma’lum miqdordagi sarf-xarajatlarni qoplaganidan so‘ng, tijorat faoliyati davomida ishlab chiqarilgan neft yoki gazning necha foizini olishini belgilaydi.