O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 27 ta sayt bloklandi, deya ma’lum qildi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Asadulla Qayumov.

Qo‘mita Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan hamkorlikda reklamaga oid qonunbuzilishlarga nisbatan tezkor choralar ko‘rish maqsadida bukmekerlik xizmatlariga oid reklamani targ‘ib qiluvchi saytlarga kirishni bloklash choralarini ko‘rgan. Xususan, bukmekerlik xizmatlarni targ‘ib qiluvchi 92 ta veb-saytni bloklash bo‘yicha AOKAga takliflar kiritilgan bo‘lib, shundan 27 ta sayt bloklangan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda estrada yulduzlari, sportchilar va blogerlar tomonidan totalizatorlar va bukmekerlik xizmatlarini reklama qilish holatlari bo‘yicha ichki ishlar organlariga 11 ta xat kiritilgan. Qo‘mita reklama beruvchi (tayyorlovchi, tarqatuvchi, buyurtmachi)larni qonun talablariga rioya etishlarini so‘rab, turli soha va yo‘nalishda 400 dan ortiq ogohlantirish xatlari bergan.

“OAV, internet va ijtimoiy tarmoqlarda, tashqi reklama vositalarida joylashtirilgan (tarqatilgan) reklamalarni qonunchilik hujjatlariga mosligi yuzasidan jami 24 mingdan ortiq o‘rganishlar o‘tkazildi. Bulardan televideniyeda 308 ta, radio 247 ta, tashqi reklama vositalaridagi 19 mingdan ortiq, bosma nashrlarda 236 ta va 4,5 mingdan ortiq internet hamda ijtimoiy tarmoqlarga to‘g‘ri keladi. O‘rganish (monitoring)lar natijasida 8 mingdan ortiq holatda turli kamchiliklar aniqlanib, ularni tezkor bartaraf etish choralari ko‘rilgan”, — dedi Asadulla Qayumov.

Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda 4500 dan ortiq reklamalar yuzasidan o‘rganishlar o‘tkazilgan. Shundan Facebook`da 144 ta, Instagram`da 344 ta, Telegram`da 4 108 ta qonunbuzilish holatlari aniqlangan va bartaraf etilgan.

Qo‘mita tomonidan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh va ma’danli suvlarning reklamasida qayd etilgan xususiyati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligidan 150 dan ortiq holat bo‘yicha eskpert xulosasi olingan va 103 ta holat bo‘yicha kamchiliklar bartaraf etilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil dekabr oyida Shavkat Mirziyoyev 2021-yildan boshlab O‘zbekistonda bukmekerlik shoxobchalarini ochishga ruxsat beruvchi farmonni imzolagan edi. Ularning qonuniylashtirilishi sportni, ayniqsa, futbolni rivojlantirish, shuningdek, uning sarmoyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi kerak edi.

2020-yil fevral oyida Professional futbol ligasi rahbari o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev bukmekerlik kontorliklarini qonuniylashtirish O‘zbekistondan kapital chiqib ketishini kamaytirishga yordam berishini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shanda mamlakat onlayn lotereyalar va bukmeker kontorlarining “kulrang bozori” tufayli qariyb 50 mln dollar yo‘qotayotgan edi. Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi Abdujabar Abduvaxitov ham qonunchilikka kiritishni yoqlab chiqqandi.

Biroq 2022-yil aprel oyi oxirida prezident bukmekerlik kontorlari bo‘yicha oldingi qarorini bekor qilgan. Oradan 1 yilcha vaqt o‘tib, ya’ni 2023-yilning aprel oyida esa davlat rahbari yangi qaror bilan Yoshlar siyosati va sport vazirligiga Raqamli texnologiyalar, Iqtisodiyot va moliya, Adliya vazirliklari, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan birgalikda ushbu yo‘nalishda takliflar kiritish bo‘yicha ishchi guruh tuzish vazifasini topshirgan. Bu ilg‘or xorij tajribasi asosida futbolni moliyalashtirish tizimini kengaytirishga xizmat qilishi aytilgan.