O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Toshkentda Yaponiya Xalqaro yoshlar palatasi prezidenti Masahiro Aso bilan uchrashdi. Bu haqda TIV rahbari o‘zining Telegram-kanalida xabar qildi.

“Palataning O‘zbekistonda filialini ochish tashabbusini olqishlaymiz”, — deb yozdi TIV rahbari.

“Bu xalqlarimizni bog‘lovchi yana bir muhim ko‘prik bo‘lib, qo‘shma loyihalarni birgalikda ro‘yobga chiqarish va, ayniqsa, yoshlarning ulkan salohiyatidan foydalanishda yangi imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi”, — deya ta’kidladi Baxtiyor Saidov.

1949-yilda tashkil etilgan Yaponiya Xalqaro yoshlar palatasi 20 yoshdan 40 yoshgacha bo‘lgan yoshlarni birlashtirgan. Yaponiya Xalqaro yoshlar palatasi uch tamoyil — ta’lim, xizmat va do‘stlikka tayangan holda “yaxshiroq jamiyat yaratishga intiladi va ijtimoiy masalalarda faol ishlaydi”, deyiladi tashkilot saytida.

Palata ishida ishtirok etayotgan yoshlar turli bilim va boshqaruv tajribasiga ega bo‘lib, buning natijasida ular, jumladan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga, deputatlikka saylanish uchun ariza topshirishlari mumkin.

1915-yilda AQShda tashkil etilgan Xalqaro Yoshlar Palatasi (JCI) tarkibiga kiruvchi Yaponiya palatasi turli mamlakatlardagi boshqa yoshlar palatalari bilan hamkorlik qiladi va xalqaro tadbirlarni, jumladan, talabalar almashinuvini amalga oshiradi.